PREZIDENT HUZURIDA MAKTAB TAʼLIMIDAGI ISLOHOTLARNING BORISHI MUHOKAMA QILINDI

26-may 2022-yil
image

25 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida maktab taʼlimidagi islohotlarning borishi muhokama qilindi.

Maʼlumki, yaqinda, davlatimiz rahbarining 11 maydagi farmoni bilan 2022-2026 yillarda xalq taʼlimini rivojlantirish bo‘yicha milliy dastur tasdiqlandi. Unda ilg‘or xorijiy tajriba asosida taʼlim sifatini oshirish, o‘qituvchilik kasbining nufuzini yuksaltirish, inklyuziv taʼlimni rivojlantirish, o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish, infratuzilmani yaxshilash, sohani raqamlashtirish bo‘yicha dolzarb yo‘nalishlar belgilangan. Bu yo‘nalishlarning har biri o‘nlab aniq vazifalardan iborat. Ular har bir tuman va shahar kesimida ishlab chiqilgan “yo‘l xaritalari” asosida amalga oshirilmoqda.

photo2022-05-2520-28-37.jpg

Yig‘ilishda xalq taʼlimi vaziri shu boradagi ishlar va kelgusi o‘quv yiliga mo‘ljallangan rejalar to‘g‘risida hisobot berdi.

Avvalo, yangi milliy dasturni taʼlim jarayoniga joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, bu yil 3, 6, 7 va 10-sinflar uchun, 2023-2024 yillarda 4, 5, 8, 9 va 11-sinflar uchun darsliklar, mashq daftarlari hamda o‘quv qo‘llanmalari yaratilishi belgilangan.

Davlatimiz rahbari buning uchun xorijiy ekspertlar va tadqiqotchilardan iborat ishchi guruhini shakllantirib, darsliklarni sifatli tayyorlash zarurligini taʼkidladi.

Milliy dasturda o‘qituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Bu yuksak bilim va mahoratli, zamonaviy kadrlar tayyorlashni taqozo etadi. Shu maqsadda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda uning huzuridagi taʼlim va ilmiy tashkilotlar Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi.

photo2022-05-2520-28-38.jpg

Yig‘ilishda pedagogik taʼlimni transformatsiya qilish, universitetga qabulni takomillashtirish, ilmiy salohiyatni oshirish va o‘qishni amaliyot bilan bog‘lash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

O‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish va ularni yangi metodikaga o‘rgatish haqida so‘z borar ekan, Abdulla Avloniy nomidagi milliy tadqiqot instituti faoliyatini kengaytirib, uni hududlardagi pedagogika o‘quv yurtlari bilan uzviy bog‘lash zarurligi taʼkidlandi. Kelgusi o‘quv yilidan boshlab kimyo, biologiya, fizika va matematika o‘qituvchilari uchun kasbiy sertifikatlash tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Prezidentimiz maktab direktorlarini to‘g‘ri tanlash, ularning kasbiy va boshqaruv mahoratini rivojlantirish masalasiga alohida to‘xtaldi. Taʼlim bilan birga tarbiya ham muhimligini taʼkidladi.

– Maʼnaviyat maktabdan boshlanadi. Maktablarda taʼlim sifatiga qanday eʼtibor bersak, maʼnaviyatga ham shunday eʼtibor berishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu maqsadda o‘quvchilarning dunyoqarashi va iqtidorini oshiradigan, turli yoshdagi sinflar uchun mo‘ljallangan maʼnaviyat kitoblari yaratish bo‘yicha tavsiya berildi.

photo2022-05-2520-28-38-2.jpg

Maktabdan tashqari taʼlimni rivojlantirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. “Barkamol avlod” maktablari faoliyati va infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha besh yillik dastur ishlab chiqish, ularda “STEAM” yo‘nalishlari bo‘yicha to‘garaklar tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

 

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu