YANGI OʻZBEKISTON UCHUN YANGI TAʼLIM MAZMUNI

20-dekabr 2021-yil
image

Shavkat Miromonovich tashabbuslari bilan ishlab chiqilgan “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi”da taʼlim va fan sohasini rivojlantirish alohida ustuvor masala sifatida keltirilgan. Bu hujjatda “taʼlim” soʻziga 138 marotaba duch kelasiz. Xususan, taʼlim oldiga mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlash vazifasi qoʻyilgan. Bunda umumiy oʻrta taʼlim sifatini tubdan oshirish, chet tillar, informatika hamda matematika, fizika, kimyo, biologiya kabi boshqa muhim va talab yuqori boʻlgan fanlarni chuqurlashtirilgan tarzda oʻrganish belgilab berilgan. Davlat rahbari chiqishlari davomida koʻp marotaba bugungi oʻqitish dasturlari va metodikasi eskirgani, yangi taʼlim mazmuni qisqa fursatda Oʻzbekistonni rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqishi xususida toʻxtalib oʻtganlar. Xususan, 2020-yilda Prezident tomonidan Xalq taʼlimi vazirligi oldiga dunyodagi zamonaviy oʻquv dasturlari asosida Milliy oʻquv dasturini ishlab chiqish vazifasi qoʻyilgan edi.

“Biz qanday fuqaroni xohlayapmiz?”

2020-yilda Xalq taʼlimi vazirligida taʼlim standartlari, oʻquv dasturlari, oʻqitish metodikasi va baholash tizimini qamrab olgan Milliy oʻquv dasturini tayyorlashga kirishildi. Bu jarayonda oʻquvchilarni bilimga asoslangan jamiyat uchun raqobatbardosh qilib voyaga yetkazish, ularni hayotga tayyorlash bosh shior qilib tanlandi. Avvalgi islohotlardan farqli ravishda, bu gal islohotlarning bosh ishtirokchisi sifatida oʻqituvchilar tanlandi. Zero, Uchinchi Renessans haqida toʻxtalganda, davlat rahbari ustoz-muallimlarni bu yangi ilm-fan davrining toʻrt tayanch ustunidan biri deya eʼtirof etgan.

Keyingi bir yil davomida 246 nafar milliy ekspertlar, jumladan 119 nafar maktab oʻqituvchilari, Oliy taʼlimdan 105 nafar professor-oʻqituvchilar, 22 nafar fan metodistlari, shuningdek UNICEF va USAID xalqaro tashkilotlari orqali jalb qilingan 16 nafar xalqaro ekspertlar ishtirokida Milliy oʻquv dasturi loyihasi tayyorlandi.

photo2021-12-1923-59-52.jpg

Birinchi ish “biz qanday fuqaroni xohlayapmiz?” degan savolga javob topish boʻlgan. Chunki, taʼlim davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dinamikasi bilan bogʻlansa, maktablardan mehnat bozoriga mos ishchi kuchi yetishib chiqadi. Taʼlim va islohotlarning uzviyligi, taʼlim va yangi texnologiyalarning bogʻlangani, oʻz navbatida, ishsizlikka qarshi eng samarali choradir. Aynan shu nuqtayi nazar bilan Yangi Oʻzbekistondagi islohotlarga kamarbasta boʻladigan, kerak sharoitda vaziyatni qoʻlga olib, toʻgʻri qaror qabul qiladigan, ilgʻor gʻoyalari bilan iqtisodiyotni rivojlantirib, ishchi oʻrni yaratadigan, tashabbuskor va Vatan taqdiriga daxldorlik hissi bilan ulgʻayadigan fuqaro portreti yaratilmoqda.

Har bir fandan tashqi taqriz uchun hamkor muassasalar belgilab olindi. Misol uchun, yangi matematika dasturi Fanlar akademiyasining Matematika instituti hamda britaniyalik ekspertlar, ona tilining yangi metodikasi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti ekspertlari, tabiiy fanlar dasturi Oxford University Press muallifi Fillippa Gardom Halm, Helsinki universiteti professori Yari Lavonen ishtirokida yaratilgan.

Milliy oʻquv dasturi doirasida 22 ta fan kesimida oʻquvchilar oʻzlashtirishi kerak boʻlgan asosiy bilimlar qamrab olindi. Maktabda oʻqitiladigan fanlar va mavzular tanqidiy, tahliliy oʻrganildi. Oʻquvchi yoshidan kelib chiqib, xalqaro tajribalar, psixologik va sanitariya normalari boʻyicha Milliy oʻquv dasturida haftalik normativlar sinflar kesimida qisqardi, bosqichma-bosqich oʻquv yuklama soatlarini kamaytirish choralari belgilab olindi. Oʻquv dasturida barcha sinflar kesimidagi haftalik yuklama 314 soat etib belgilandi (2019-yilda – 339). 11 yil uchun oʻquv yuklamasi 10 655 soat (- 849) etib belgilandi. Shuningdek, barcha fan va sinflar boʻyicha mavzular tahlil qilinib, 849 ta takroriy, murakkab va eskirgan deb topilgan mavzular maktabgacha taʼlim yoki oliy taʼlimga oʻtkazildi, dasturdan chiqarib tashlandi.

Milliy oʻquv dasturida oʻquvchilarning bilim va koʻnikmalarini baholashning xalqaro tadqiqotlariga mos mavzular hamda yangicha taʼlim yondashuvlari oʻrin olgan. Amaliyotga yoʻnaltirilgan mavzular 50% ga yetkazildi.

Milliy oʻquv dasturi har bir fan oldidagi aniq maqsadni belgilab berdi

Dinamik nuqtayi nazardan, taʼlim darajasining oshishi jamiyatda ish haqi tengsizligi, ishsizlik kamayishi Jahon banki oʻtkazgan tadqiqotlarda isbotini topgan (Tilak, 1989). Oʻquvchilarning maktabni mehnat bozoriga xos koʻnikmalar bilan tamomlashlari hamda kelajakda ularning oʻzlarini ish bilan taʼminlash, qoʻshimcha ish oʻrni yaratishlari oʻrtasida bogʻliqlik mavjud. Shundan kelib chiqib, Milliy oʻquv dasturida taʼlimni zamon bilan bogʻlashga oid jihatlarni koʻrish mumkin.

21-asr ehtiyojlariga koʻra oʻquvchida shakllanishi zarur boʻlgan koʻnikmalardan kelib chiqib, har bir fan oldiga aniq maqsad qoʻyildi. Misol uchun, oʻquvchida Ona tili fani orqali ogʻzaki va yozma muloqot koʻnikmalari, Matematika orqali mantiqiy fikrlash va muammolarga yechim topishi, Tabiiy fanlarda tadqiqotchilik koʻnikmasining rivojlanishi, Tarix fani orqali davrlarni solishtira olishi, shuningdek tarixiy hodisaning sabab va oqibatlarini aytib berishi, Tasviriy sanʼatda ijodiy fikrlashi va tasavvurini vizual aks ettirishi, Informatika fanida “foydalanuvchidan raqamli kontent ishlab chiqaruvchi”ni tayyorlash belgilab olingan. Milliy oʻquv dasturida oʻqitish metodikalari har bir fan kesimida oʻquvchida kognitiv, ijobiy xulq-atvor va ijtimoiy-emotsional, tanqidiy va ijodiy fikrlash, koʻp savodlilik (oʻqish, yozishdan tashqari axborot texnologiyalari savodxonligi hamda mediasavoxonlik), jamoada ishlash kabi koʻnikmalarini rivojlantirishga asoslangan.

Milliy oʻquv dasturi oldidagi 5 strategik vazifa

Milliy oʻquv dasturini yaratish jarayonida Xalq taʼlimi oʻz oldiga quyidagi 5 muhim strategik vazifani belgilab qoʻydi.

Birinchidan, mamlakatimizning bugungi rivojlanish surʼati asosida taʼlim standartlari hamda oʻquv dasturlarini yangilash va bu orqali mehnat bozoriga zamon talablariga mos kadrlarni yetishtirib chiqarish.

photo2021-12-1923-59-53.jpg

Ikkinchidan, maktab mavzularini maktabgacha taʼlim hamda oliy taʼlim tizimi bilan uzviy bogʻlagan holda, oʻqitish metodikasini yangilash. Misol uchun, oʻqitishda bugun keng ommalashgan “maʼruza metodi”dan voz kechib, oʻquvchilarning mustaqil faoliyatini qoʻllab-quvvatlaydigan “loyiha asosida oʻqitish”, “individual qiziqish va qobiliyatga asoslangan oʻquvchiga yoʻnaltirilgan oʻqitish”, “hamkorlikda oʻrganish”, “mustaqil oʻrganish”, “oʻyin orqali oʻrganish” kabi yondashuvlarni maktab taʼlimiga joriy qilish. Bu esa oʻquvchilarning hayotga tayyor boʻlishlarini taʼminlaydi.

Uchinchidan, fanlararo integratsiya hamda sinflararo uzviylikni taʼminlash. “Fanlararo integratsiya” tushunchasi ilk marotaba 1997-yilda paydo boʻlgan.

Bir mavzuni bir nechta fanlar kesimida oʻrganish taʼlim mazmunini oʻquvchilar uchun yanada qiziqarli va foydali boʻlishini taʼminlaydi. Misol uchun, suv mavzusi doirasida bir vaqtning oʻzida oʻquvchidagi biologiya, geografiya hamda fizikaga oid bilimlarini mustahkamlash mumkin. Finlandiya maktablarida boʻlganimda oʻquvchilarning matematika, texnologiya, rassomlik hamda biologiyaga oid bilimlarini sinfxonaga keltirilgan turli mevalarni kesib koʻrish jarayonlarida oʻrganishlariga guvoh boʻldim. Bu orqali ular borliqni, jarayonlarni va bilimlarni yaxlit tasavvur qiladilar. Ayniqsa, loyiha asosida oʻqitish metodida integratsion taʼlim qoʻl keladi. Shuningdek, sinfdan sinfga oʻtganda dasturdagi bogʻliqlik oʻquvchiga avvalgi sinfdagi bilimlarini yangi bilimlar bilan oson bogʻlaydilar.

Toʻrtinchidan, oʻqituvchining akademik mustaqilligiga erishish. Oʻqituvchilar mustaqil oʻrganishni taʼminlashda muhim ishtirokchilardir. Buning uchun ularning oʻzlari akademik nuqtayi nazardan mustaqil boʻlishlari lozim. Yaʼni, oʻqituvchida oʻquv jarayonini davlat taʼlim standartlari hamda oʻquv dasturi asosida mustaqil tashkil qilish koʻnikmasi shakllanishi zarur. Ammo tahlillar bugun aksariyat oʻqituvchilar uchun darsliklar yagona qolipga aylangani, ular darslikdagi bilimlar bilan chegaralanib qolganlarini koʻrsatmoqda. Buning asosiy omili yangicha bilimlarni egallash uchun zarur zamonaviy resurslarning yetishmasligidir.

Milliy oʻquv dasturi asosida har bir fandan “Oʻqituvchi kitobi”ning tayyorlanayotgani, Xalq taʼlimi tizimida malaka oshirishning yangi platformalari ishlab chiqilayotgani yangi taʼlim mazmuni bilan ularni tezkor tanishtirishning muhim yechimidir.

Beshinchidan, “mualliflar maktabi”ni shakllantirish va yangi avlod darsliklarini yaratish.

Yangi avlod darsliklari – fanlarni va sinflarni bogʻlaydi, rang-barang va yorqin

Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, amaldagi aksariyat darsliklar bundan 17 yil avval qisman oʻzgartirilgan. Ular asosan nazariy bilimlarni qamrab olib, faktologiyaga asoslangan. Darsliklarning “akademik til”ga oʻtib ketgani oqibatida oʻquvchi kontentni tushunishga qiynaladi. Buning asosiy sababi uni yaratishda oʻqituvchilar salohiyatidan unumli foydalanilmaganidir. Shuningdek, sinfdan sinfga oʻtganda darsliklar mavzularidagi katta tafovut oʻzlashtirish sifatiga salbiy taʼsir qilgan.

Metodika va darslikdagi kontentning oʻzgarishi yod olishga yoʻnaltirilgan taʼlimni qoʻllab-quvvatlagan, natijada baholashda hayotiy koʻnikmalar emas, bilim hajmi muhim rol oʻynagan.

Milliy oʻquv dasturini amaliyotga joriy qilish maqsadida, 2021/2022 oʻquv yili uchun 1 va 2-sinflar uchun zamonaviy darsliklar yaratildi. Ilk marotaba har bir darslik uchun oʻqituvchi metodika kitobi hamda boshlangʻich sinflarda oʻquvchi mashq daftarlari tayyorlandi.

2021-yilda tanlov asosida saralab olingan 154 nafar muallif ishtirokida 326 nomda oʻquv-metodik adabiyotlar yaratildi. Bu jarayonlarga 46 nafar professor, 101 nafar amaliyotchi oʻqituvchi, 7 nafar fan metodistlari jalb qilindi.

Yangi darsliklarni yaratish jarayonida yosh olimlar, tajribali oʻqituvchilardan iborat mualliflar maktabini shakllantirish ham asosiy maqsadlardan biri sifatida belgilangan. Darsliklarni yaratishda olimlar bilan birgalikda yosh amaliyotchi oʻqituvchilarning ishtiroki Milliy oʻquv dasturida belgilangan maqsadlarning darsliklarda aks etishiga xizmat qildi. Mualliflarning oʻrtacha yoshi 40-45 yosh. Oʻquvchilarga oʻyinlar va videoroliklar orqali dars berish uchun multimedia ilovalari ishlab chiqilmoqda.

Yaratilgan yangi avlod darsliklari tanlab olingan 14 ta tayanch maktabda aprobatsiyadan oʻtkazildi. Mazkur jarayonda 40 nafar eksperimentator oʻqituvchilar hamda 937 nafar oʻquvchilar ishtirok etdilar.

Shuningdek, hududlarda oʻqituvchilarni Milliy oʻquv dasturi hamda darsliklar asosida dars berish uchun bilimlarini oshirish boʻyicha Respublika miqyosida 100 nafar trener-oʻqituvchilar tayyorlandi. Yaratilgan malaka oshirish kurslari orqali 49,1 ming nafar boshlangʻich sinf oʻqituvchilari yangi metodikalar boʻyicha oʻqitildi.

Kelgusi yillardagi yangi darsliklarni yaratish, ularni aprobatsiyadan oʻtkazish va pedagoglarni yangi metodikalarga oʻqitish jarayoni davom ettiriladi.

2023/2024 oʻquv yiligacha barcha sinflar uchun yangi avlod darsliklari bosqichma-bosqich tayyorlanib, 2025-yilga qadar Milliy oʻquv dasturi umumtaʼlim maktablarida amaliyotga toʻliq joriy qilinadi.

photo2021-12-1923-59-50.jpg

Taʼlim va tinchlik va taraqqiyot qadimdan yonma-yon yuradi, uchalasi bir-biriga xizmat qiluvchi drayver. YUNESCO tadqiqotlariga koʻra, bugun sayyoramizdagi 258 million nafar bola boshlangʻich taʼlimdan mahrum boʻlib, oʻqish-yozish, hisoblash koʻnikmalarini tugal egallamagan. Ularning aksariyati harbiy mojarolardan aziyat chekuvchi, taʼlim tizimiga ega boʻlmagan hududlarda yashaydi. Yer sayyorasi oʻquvchilar taʼlimi uchun shunday tanglikni boshidan oʻtkazayotgan bir davrda, tinch-osuda Oʻzbekistonning soʻnggi 4 yilda taʼlimda erishgan muvaffaqiyatlari insonga umid bagʻishlaydi. Yangi Oʻzbekistonda tinchlik, taʼlim va taraqqiyot birlashdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Buning zamirida esa inson qadri uchun uzoqni koʻzlagan oqilona islohotlar yotadi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu