TOSHKENT VILOYATIDAGI TAʼLIM SIFATI YUQORI BOʻLMAGAN MAKTABLARDA FAOLIYAT OLIB BORAYOTGAN TOIFAGA EGA BOʻLMAGAN PEDAGOGLAR ATTESTATSIYADAN OʻTKAZILADI

15-iyun 2021-yil
image

Toshkent viloyatidagi taʼlim sifati yuqori boʻlmagan davlat umumtaʼlim muassasalarida faoliyat olib borayotgan toifaga ega boʻlmagan oliy va oʻrta maxsus maʼlumotli pedagog xodimlari attestatsiyadan oʻtkaziladi.

Xalq taʼlimi vazirligi hamda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining 2021-yil 3-iyundagi 47/25-q/q-sonli qoʻshma qarori bilan Toshkent viloyatidagi taʼlim sifati yuqori boʻlmagan davlat umumtaʼlim muassasalarida faoliyat olib borayotgan toifaga ega boʻlmagan oliy va oʻrta maxsus maʼlumotli pedagog xodimlarni attestatsiyadan oʻtkazish Nizomi va baholash mezonlari tasdiqlandi.

Ushbu qoʻshma qarorga asosan Toshkent viloyatidagi taʼlim sifati yuqori boʻlmagan davlat umumtaʼlim muassasalarida faoliyat olib borayotgan toifaga ega boʻlmagan oliy va oʻrta maxsus maʼlumotli pedagog xodimlarni attestatsiyadan oʻtkazish Xalq taʼlimi vazirligida tashkil etiladigan Attestatsiya komissiyasi tomonidan oʻtkazilishi belgilangan.

Attestatsiya ikki bosqichda tashkil etiladi:

Birinchi bosqichda — attestatsiyadan oʻtuvchilarning oʻquv fani boʻyicha malaka (test) sinovlari orqali tashkil etiladi. Bunda, test sinovlari Xalq taʼlimi vazirligi va Taʼlim inspeksiyasining mutaxassislari hamda ular shartnoma asosida jalb etgan ekspertlar tomonidan tuzilgan test savollari asosida Taʼlim inspeksiyasi tomonidan oʻtkaziladi.

Test sinovlari 40 ta savoldan iborat boʻladi, har bir test savoli uchun
1,5 daqiqadan, jami 60 daqiqa vaqt beriladi. Matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan test sinovi uchun qoʻshimcha 30 daqiqa vaqt beriladi. Har bir toʻgʻri bajarilgan test savoli uchun 1,75 ball beriladi.

Birinchi bosqich uchun umumiy 70 ball beriladi, umumiy ballning
55 foizi (38,5 ball) va undan yuqori ball toʻplaganlar attestatsiyaning birinchi bosqichidan oʻtgan hisoblanadi.

Birinchi bosqichda umumiy ballning (70 ball) 55 foizini (38,5 ball) toʻplay olmagan attestatsiyadan oʻtuvchilar ikkinchi bosqichga qoʻyilmaydi hamda “attestatsiyadan oʻtmagan” hisoblanadi.

Ikkinchi bosqichda — attestatsiya komissiyalari tomonidan taʼlim tizimidagi islohotlar, pedagog xodimlarning faoliyati samaradorligi, kasbiy kompetentlik boʻyicha 5 ta savoldan iborat savollarga javob berishlari kerak boʻladi. Ikkinchi bosqich uchun har bir savolga 6 balldan umumiy 30 ball beriladi, umumiy ballning 55 foizi (16,5 ball) va undan yuqori ball toʻplaganlar attestatsiyaning ikkinchi bosqichdan oʻtgan hisoblanadi. Savollar Respublika taʼlim markazining mutaxassislari hamda ular shartnoma asosida jalb etgan ekspertlar tomonidan tuziladi. Savollar bileti attestatsiyadan oʻtuvchi tomonidan koʻp variantlilik asosida tuzilgan biletlar orasidan tanlab olish yoʻli bilan aniqlanadi.Suhbat jarayonida berilgan savollar va ularga berilgan javoblar stenografik usulda maxsus jurnalga qayd etiladi.

Attestatsiyadan oʻtuvchi attestatsiyaning biror bosqichida uzrli sababga (mehnatga layoqatsizlik varaqasi) koʻra qatnashmagan boʻlsa, ularning attestatsiyasi boshqa muddatga koʻchiriladi, aksincha, attestatsiyadan oʻtuvchi uzrsiz sababga koʻra attestatsiyaning biror bosqichida ishtirok etmagan boʻlsa, attestatsiyadan oʻtmagan hisoblanadi hamda unga nisbatan “attestatsiyadan oʻtmadi” degan qaror qabul qilinadi.

Attestatsiya komissiyasining “attestatsiyadan oʻtmadi” degan qarori qabul qilingan attestatsiyadan oʻtuvchilar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ularning ish beruvchilari tomonidan bir oy muddatda mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda bekor qilinadi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu