“Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” ko‘rik-tanlovi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari metodistlari va tarbiyachilari lavozimida kamida ikki yil davomida faoliyat yuritayotgan, amaliy ish tajribasiga ega metodist va tarbiyachilar (keyingi o‘rinlarda— ishtirokchilar) o‘rtasida o‘tkaziladi.
Tanlov iyun-iyul oylarida quyidagi bosqichlarda o‘tkaziladi.
1-bosqich – tuman (shahar) saralash bosqichi – 2024-yil 24-28-iyun kunlari;
2-bosqich – hududiy (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar) saralash bosqichi - 2024-yil 8-12-iyul kunlari;
3-bosqich – Respublika final bosqichi – 2024-yil 22-26-iyul kunlari hududiy saralash bosqichida g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar o‘rtasida.
Tanlov quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkaziladi:
1) “Eng yaxshi metodist”;
2) “Yilning eng fidokor tarbiyachisi”;
3) “Eng yaxshi ijodkor-ixtirochi tarbiyachi”;
4) “Innovatsion va axborot texnologiyalarini qo‘llaydigan eng yaxshi tarbiyachi”;
5) “Eng yaxshi eko-targ‘ibotchi tarbiyachi”;
6) “Yangi O‘zbekistonda yangi avlod bolalarini ma’naviy kamolotga yetaklovchi yeng yaxshi tarbiyachi”.
Bunda, “Eng yaxshi metodist” va “Yilning eng fidokor tarbiyachisi” nominatsiyalarida oliy ma’lumotli metodist va tarbiyachilar, “Eng yaxshi ijodkor-ixtirochi tarbiyachi”, “Innovasion va axborot texnologiyalarini qo‘llaydigan eng yaxshi tarbiyachi”, “Eng yaxshi eko-targ‘ibotchi tarbiyachi” va “Yangi O‘zbekistonda yangi avlod bolalarini ma’naviy kamolotga yetaklovchi eng yaxshi tarbiyachi” nominatsiyalarida oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan tarbiyachilar ishtirok etadi.
Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan metodist va tarbiyachilar tanlovning tuman (shahar) bosqichlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhiga o‘zlari faoliyat yuritayotgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining pedagogik kengashi tomonidan nomzodi tavsiya etilgan qarorni taqdim etish orqali ro‘yxatdan o‘tadi.
Oldingi yillarda tashkil etilgan tanlovning respublika final bosqichida 1-, 2-, 3- o‘rinni egallagan g‘oliblar mazkur tanlovda qayta ishtirok etish huquqiga ega emas.
Tanlovning respublika bosqichida to‘rtta nominatsiya (“Eng yaxshi ijodkor-ixtirochi tarbiyachi”, “Innovasion va axborot texnologiyalarini qo‘llaydigan eng yaxshi tarbiyachi”, “Eng yaxshi eko-targ‘ibotchi tarbiyachi” va “Yangi O‘zbekistonda yangi avlod bolalarini ma’naviy kamolotga yetaklovchi eng yaxshi tarbiyachi”) bo‘yicha birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan g‘oliblar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi 2017-yil 20-iyundagi 393-son qarori hamda “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjatlarni qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida” 2019-yil 7-iyundagi 468-son qarorlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining “Maktabgacha ta’lim” yo‘nalishiga o‘qishga kirishda tavsiyanomaga ega bo‘ladilar.
Tanlov Nizomi