Quyidagilar Maktabning asosiy vazifalari hisoblanadi:
yosh avlodni maʼnaviy barkamol etib tarbiyalash, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishini taʼminlash, bunda ularning robototexnika, mexatronika, injenerlik, mental arifmetika, sanʼat, art dizayn, axborot texnologiyalari boʻyicha Java, Scratch, 3D dizayn yoʻnalishlariga boʻlgan qiziqishini oshirish;
Maktablarda “STEAM — taʼlim” (Science — tabiiy fanlar, Technology — texnologiyalar, Engineering — muhandislik, Art — sanʼat, Mathematics — matematika) dasturini joriy etish va toʻgaraklar mazmuniga singdirish;
beshta muhim tashabbus doirasida oʻquvchi-yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, sanʼat, sport, axborot-texnologiyalariga qiziqishni oshirish, oʻquvchi-qizlarni ijtimoiy faol hayotga jalb etish boʻyicha umumtaʼlim tashkilotlariga amaliy va uslubiy yordam koʻrsatish;
bolalarning ehtiyojlari va qiziqishlariga muvofiq ularning ijodiy va badiiy qobiliyatlarini rivojlantirish, ularning foydali dam olishini tashkil etish, mehnatsevarlikni, kasb tayyorgarligining dastlabki oʻquv va koʻnikmalarini singdirish, fan va texnikani rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlariga muvofiq texnik vositalar va kompyuter texnologiyalari ishini oʻrganishni tashkil etgan holda bolalar texnik ijodkorligini rivojlantirish;
oʻquvchi yoshlarning ijodiy ishlarini ommalashtirish, targʻib qilish hamda sotuvini yoʻlga qoʻyish boʻyicha oʻquvchi-yoshlarning ijodiy ishlarini “Art shop” elektron doʻkonlari orqali dunyo bozoriga olib chiqish;
oʻquvchilarda jonajon oʻlka tarixi, arxeologik va boy madaniy merosini chuqur oʻrgatish, mamlakatimizning tabiiy boyliklari bilan tanishtirish hamda ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasidagi asosiy bilimlarni egallab olishlariga imkon yaratish hamda bolalar va taʼlim turizmlarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish;
xorijiy tillarni oʻrgatish orqali intellektual yoshlar safini kengaytirish, rivojlangan davlatlar tajribasini oʻrganishga imkon yaratish;
oʻquvchilar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, ularning sportning ayrim yoʻnalishlariga qiziqishlarini oshirish;
maktabdan tashqari taʼlim tizimiga ilgʻor pedagogik usullar va metodlardan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda oʻqitishning yangi shakllarini keng joriy etish;
bolalarni individual rivojlantirishga qaratilgan dasturlar va uslubiy materiallarni doimiy takomillashtirib borish;
toʻgarak rahbarlarining malaka oshirish va qayta tayyorlash boʻyicha istiqbol rejalarini ishlab chiqish va tegishli takliflarni kiritish;
bolalar texnik ijodkorligini rivojlantirish uchun xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribalari asosida Maktablarda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida loyihalarini amalga oshirish.
Maktab oʻzining asosiy vazifalarini amalga oshirishda quyidagi funksiyalarni bajaradi:
toʻgaraklar oʻquv-reja va dasturlari ishlab chiqishda koʻmaklashadi;
oʻquvchilarni toʻgaraklarga qamrab olish choralarini koʻradi;
toʻgarak mashgʻulotlarini tahlil qilib boradi, rivojlanishdan ortda qolayotgan toʻgaraklar faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
Maktabda “Ochiq eshiklar” kuni tadbirlarini alohida jadval asosida tashkil etadi;
uslubchilar va toʻgarak rahbarlari uchun har chorakda turli oʻquv-seminarlar, vebinar mashgʻulotlari oʻtkazadi;
festival va tadbirlarni sifatli oʻtkazilishi boʻyicha ssenariylar ishlab chiqadi va tadbirlarni tashkil etadi;
oʻquvchilarning maktabdan tashqari taʼlimga qoʻyilgan davlat talablari asosida toʻgaraklar oʻquv rejaning oʻzlashtirilishini monitoring qilib boradi;
toʻgarak rahbarlari ishlarini ommalashtirishga va ularning istiqboldagi vazifalarini bajarilishida amaliy yordam koʻrsatadi;
tanlov va tadbirlarni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritib boradi.