Vazir jamg‘armasi hisobidan har oylik ustama to‘lanadigan nomzodlarning kasbiy mahoratini baholash mezonlari maʼlum bo‘ldi.
Vazir jamg‘armasidan ustama olish uchun o‘tkaziladigan sinov jarayonlari bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan holda ko‘p bosqichli tanlov asosida bevosita Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilangan tartibda tashkil etilishi haqida avvalroq xabar bergandik.
(https://t.me/uzedu/19923)O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi “Xalq taʼlimi vaziri jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga ko‘ra, 2022-yil dekabr oyida ushbu Jamg‘armadan har oylik ustama to‘lanadigan malakali pedagog kadrlarni saralash sinovlarining dastlabki bosqichi bo‘lib o‘tgan edi.
Birinchi bosqichda qatnashgan hamda dars beradigan umumtaʼlim fani bo‘yicha bilim darajasini baholash uchun bo‘lib o‘tgan test sinovlarida maksimal ballning 80 va undan yuqori foiz natijani qayd etgan nomzodlar ikkinchi bosqichga tavsiya etiladi.
Ikkinchi bosqichda umumtaʼlim fanini bilish darajasini baholash bo‘yicha o‘tkazilgan test sinovlarida maksimal ballning 80 foizi yoki undan yuqori natija ko‘rsatgan nomzodlarning kasbiy mahoratini baholash uchun suhbat o‘tkaziladi. Ushbu havola orqali kasbiy mahoratni baholash uchun suhbatni baholash Nizomi va mezonlari bilan tanishishingiz mumkin.
Kasbiy mahoratini baholash bo‘yicha o‘tkazilgan suhbat natijalariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan malakali pedagog kadrlarga joriy yilning aprel oyidan boshlab, 9 oy davomida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5,5 baravari miqdorida (bugungi kunda 5 mln so‘m) har oylik ustama to‘lanadi.
Vazir jamg‘armasi uchun o‘tkazilgan saralash sinovlarining birinchi bosqichi natijalari bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkinligini eslatib o‘tamiz.
Suhbat jarayonlari joriy yilning 13-18-mart kunlari bo‘lib o‘tadi. Suhbat jarayonlari bo‘lib o‘tadigan manzillar bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.