Sayt test rejimida ishlamoqda

“O‘qituvchilar olimpiadasi”ning Respublika bosqichi musobaqalari boshlandi

6-yanvar 2023-yil
image

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan maktab o‘qituvchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “O‘qituvchilar olimpiadasi”ning Respublika bosqichi musobaqalari boshlandi.

Bugun poytaxtimizdagi 118-umumta’lim maktabida mazkur olimpiadaning dastlabki sinov jarayonlari bo‘lib o‘tdi. Bellashuvlar avvalida ta’kidlanganidek, “O‘qituvchilar olimpiadasi” 2021-2022-o‘quv yilidan boshlab matematika fani bo‘yicha ilg‘or, tashabbuskor va ijodkor pedagoglarni aniqlash, qobiliyat, kasbiy mahoratlarini ro‘yobga chiqarish, ko‘maklashish hamda ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazib kelinmoqda.

Mamlakatimizning ko‘plab pedagoglari taklifiga asosan, “O‘qituvchilar olimpiadasi” 2022-2023-o‘quv yilidan boshlab matematika fanidan tashqari fizika, kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha ham tashkil qilinishi yo‘lga qo‘yildi.

Joriy yilgi olimpiada musobaqalari uch bosqichda tashkil qilingan bo‘lib, dastlabki bosqichda 30 ming nafarga yaqin ustozlar ishtirok etishdi.

Olimpiadaning Respublika bosqichida belgilangan barcha fanlar doirasida jami 168 nafar (fizika, kimyo va biologiya fanlaridan 3 nafardan, har bir hududdan 12 nafardan) o‘qituvchi qatnashdi.

Bugun bo‘lib o‘tgan dastlabki sinov jarayonlarida ishtirokchilarga 5 ta masaladan iborat yozma ish vazifasi berildi hamda ushbu topshiriqni bajarish uchun 3 soat vaqt ajratildi. Yakuniy natijalar olimpiadaning tegishli hay’at a’zolari tomonidan baholanib borildi.

Olimpiadaning navbatdagi bosqichida ishtirokchilarga tegishli fan yo‘nalishlari bo‘yicha metodik qism va test topshiriqlaridan iborat vazifalar beriladi.

Metodik qismda ishtirokchilardan taqdim etilgan topshiriqlarning misol va masalalarni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri yechilganligini izohlab, har bir masalani baholashi talab etiladi. Ushbu topshiriqni bajarish uchun 2 soat vaqt ajratiladi va natijalar 50 ball bilan baholanadi.

Respublika bosqichi natijalariga ko‘ra, har bir fan bo‘yicha 6 nafardan iborat g‘oliblar aniqlanadi hamda ular turli nominatsiyalar bo‘yicha vazirlikning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, olimpiadadagi barcha fanlar natijalariga ko‘ra hududlar bo‘yicha reyting e’lon qilinadi. Muvaffaqiyatli ishtirok etgan o‘qituvchilar bilan kelgusida iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlashda hamkorlik o‘rnatiladi.

Shuningdek, o‘quvchi-yoshlarni Respublika, xalqaro fan olimpiadalariga tayyorlash jarayonlariga jalb qilinadi.

“O‘qituvchilar olimpiadasi”ning Respublika bosqichi g‘oliblari joriy yilning 7-yanvar kuni poytaxtimizdagi 118-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tadigan tantanali marosimda munosib taqdirlanadi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu