Xabaringiz bor, joriy o‘quv yilidan qator fanlar bo‘yicha xalqaro tan olingan sertifikatga ega pedagog kadrlarga ularning ta’rif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida ustama to‘lash amaliyoti joriy qilingan.
Bu orqali o‘z ustida ishlayotgan, bilim va ko‘nikmalarini kengaytirib borayotgan pedagoglarga oylik ish haqlarini oshirish imkoniyati yaratib berildi.
Shu kunga qadar aksariyat holatda chet tili fanlari o‘qituvchilari mazkur turdagi sertifikatga ega bo‘lib kelgan edi. Ayni vaqtda boshqa fan vakillari ham bunday natijalarni qayd etmoqda.
Xususan, matematika fani o‘qituvchilari uchun belgilangan “GMAT” sertifikatini olgani uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Amudaryo tumanidan G‘ayrat Rahimov (16-maktab), informatika fani o‘qituvchilari uchun belgilangan “Google for Education” sertifikatini olganlari uchun Xorazm viloyati, Qo‘shko‘pir tumanidan Dilfuza Sapayeva (33-maktab), Xorazm viloyati, Yangibozor tumanidan Komiljon Xadjiyev (20-maktab), Jasur Yusupov (20-maktab), Mahkamjon O‘razboyev (14-maktab), Namangan viloyati, Chust tumanidan Hojiakbar Umurzoqov (21-maktab), Farg‘ona viloyati, Uchko‘prik tumanidan Davlatjon Oxunov (20-maktab), Toshkent viloyati, Angren shahridan Dildora Eshmirzayeva (4-maktab) 50% ustama olish huquqiga ega bo‘ldi.
Biz qolgan o‘qituvchilarni ham o‘z ustilarida ishlab, maoshlarini oshirish imkoniyatlaridan foydalanib qolishlarini so‘rab qolamiz.
Eslatib o‘tamiz, 50 foiz ustama beruvchi xalqaro sertifikatlar ro‘yxati bilan quyidagi havola, namunalari bilan esa quyidagi havola orqali tanishish mumkin.