Xalq ta’limi vaziri va YUNЕSKO bosh direktori o‘rinbosari Stefaniya Jannini bilan o‘tkazilgan uchrashuvda maktab ta’limiga doir qator masalalar muhokama etildi

17-noyabr 2022-yil
image

Mamlakatimiz umumta’lim maktablarini zamonaviy standartlar asosida yanada rivojlantirish, dars sifati va o‘qituvchilar malakasini doimiy oshirib borish maqsadida so‘nggi yillarda qator xorijiy davlatlar va tashkilotlar bilan uzviy hamkorlik ishlari olib borilmoqda.

Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov hamda YUNЕSKO bosh direktori o‘rinbosari Stefaniya Jannini ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuv davomida mazkur jihatlarning istiqboldagi rejalari xususida qizg‘in muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

Vazir Baxtiyor Saidov o‘z so‘zi boshida yurtimizdagi maktablar infratuzilmasini boyitish hamda o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishlari uchun davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan izchil islohotlar haqida atroflicha ma’lumot berib o‘tdi.

Aytilganidek, yildan yilga ortib borayotgan respublikamizdagi maktab yoshidagi o‘quvchilarni umumta’lim jarayonlariga to‘la qamrab olish maqsadida mavjud o‘quv binolarini kengaytirish hamda talab yuqori bo‘lgan hududlarda yangi binolar qurish bo‘yicha doimiy ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, o‘qituvchilarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlarini ta’minlash maqsadida ularning kasbiy malakasini uzluksiz ravishda har yili oshirib borish tizimi amaliyotga joriy etildi.

YUNЕSKO bosh direktori o‘rinbosari Stefaniya Jannini O‘zbekistonda maktab ta’limini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ushbu tashabbuslarga yuqori baho berib o‘tar ekan, o‘qituvchilarning malakasini oshirishda o‘z hamkorlik takliflarini bildirib o‘tdi.

Shu bilan birga yangi qurilayotgan maktab binolarini dunyo standartlari asosida loyihalashtirish, o‘quvchilar bilimini aniqlashda O‘zbekistonga mos bo‘lgan milliy baholash tizimini joriy etish zarurligini ta’kidladi hamda bu yo‘lda YUNЕSKO tomonidan ham kerakli yordam ko‘rsatilishini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Uchrashuv so‘nggida yuqorida bildirilgan taklif va tashabbuslarni hamkorlikda amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishildi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu