Asosiy fan olimpiadasining tuman bosqichi 16 ta fan bo‘yicha umumtaʼlim muassasalari, kasb-hunar maktablari hamda nodavlat taʼlim tashkilotlarining 9-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida tashkil qilinmoqda.
Asosiy olimpiadaning tuman bosqichida 700 000 nafardan ziyod o‘quvchilarning ishtirok etishi kutilmoqda.
Tuman bosqichi faqat test topshiriqlaridan iborat bitta turda o‘tkaziladi. Matematika, fizika, kimyo, biologiya hamda informatika va axborot texnologiyalari fanlarida test topshiriqlarini bajarish uchun 90 daqiqa, qolgan ikkinchi guruh fanlarida 60 daqiqa vaqt ajratiladi. Olimpiada jarayonlari barcha tuman, shaharlarda bir vaqtda soat 11:00 da boshlanadi.
Test topshiriqlarining dastlabki 10 tasi sodda darajasidagi yopiq test (A, B, C, D javob variantlaridan tanlanadi) bo‘lib, har bir to‘g‘ri javob 0,9 ball bilan;
keyingi 10 tasi o‘rta qiyinlik darajasidagi yopiq test (A, B, C, D javob variantlaridan tanlanadi) bo‘lib, har bir to‘g‘ri javob 1,5 ball bilan;
birinchi guruh fanlaridan oxirgi 10 tasi ochiq test (javobi yoziladigan) hamda ikkinchi guruh fanlaridan oxirgi 10 tasi murakkab darajadagi yopiq test (A, B, C, D javob variantlaridan tanlanadi) bo‘lib, har bir to‘g‘ri javob 2,6 ball bilan baholanadi, jami 50 ball (100,9+101,5+10*2,6=50).
Ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida olimpiada jarayonlarini Facebook yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib borish imkoniyati ham mavjud. Bundan tashqari ishtirokchi, ota-ona, o‘qituvchi va kuzatuvchilar uchun har bir fandan alohida-alohida Telegramm kanallari tashkil qilingan. O‘quvchilar test topshiriqlarini yakunlagandan so‘ng savollar kitobchasi ishtirokchilarning o‘zida qoldiriladi hamda javoblar varag‘i skaner yoki rasmga olinib har bir fan bo‘yicha tashkil qilingan Telegramm kanalga joylanadi (barcha ishtirokchilarning javoblar varaqasi elektron shaklda kanalda bo‘lishi shart qilib belgilangan).
Test natijalariga ko‘ra, har bir fan va sinf kesimida ishtirokchilar orasidan ballar ketma-ketligida 3 nafar g‘olib o‘quvchi aniqlanadi va uchinchi bosqichda ishtirok etish uchun tavsiya etiladi.