XALQ TAʼLIMI VAZIRLIGI OʻQITUVCHILARDAN DARS SIFATIDAN BOSHQA HUJJATLARNI TALAB ETISH TAʼQIQLANGANLIGI HAQIDA QATʼIY OGOHLANTIRADI!

15-dekabr 2021-yil
image

Soʻnggi kunlarda oʻqituvchilardan joylarda tekshiruvlar avj olgani, xususan turli hujjatlar taqdim etish talab etilayotgani yuzasidan turli murojaatlar kelib tushmoqda.

Murojaatlarni oʻrganib chiqib Xalq taʼlimi vazirligi maktablarda tekshiruvlar amalga oshirish boʻyicha hech qanday koʻrsatma berilmaganini maʼlum qiladi. Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan hududiy xalq taʼlimi boshqarmalariga umumtaʼlim muassasalaridagi mavjud holat va muammolarni oʻrganib, ularni bartaraf etish uchun maktab jamoasiga yordam berish topshirilgan.

Vazirlik umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining pedagogik mutaxassisliklari boʻyicha namunaviy yillik ish rejasini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma»ga muvofiq (Adliya vazirligidan 2020-yil 29-iyunda 3058-I raqam bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan) oʻqituvchilar tomonidan yuritiladigan hujjatlar soni bittagacha (faqat sinf jurnali (jumladan, elektron ravishda kundalik.com tizimi orqali) qisqartirilganini eslatib oʻtadi.

Shu bois maktabda oʻqituvchilardan faqat sinf jurnali(elektron kundalik joriy etilgan maktablarda elektron shaklda)dan boshqa hujjatlarni talab etish qatʼiyan maʼn etilishi haqida qatʼiy ogohlantiradi.

Shu oʻrinda taʼlim muassasasi pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki oʻz xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilish Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 197-5-moddasi, shuningdek mansab vakolatini suiisteʼmol qilish Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining 205-moddasiga muvofiq javobgarlikka tortilishini eslatib oʻtamiz.

Hurmatli oʻqituvchilar!

Agarda sizda yuqorida keltirilgan noqonuniy hujjat talab qilish holatlari uchrayotgan boʻlsa hudud va maktabingiz toʻgʻrisidagi aniq maʼlumotlar bilan vazirlikning 71 202 09 09 Ishonch telefon raqamlariga murojaat qilishingizni soʻraymiz.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu