Joriy yilning 22-dekabr kuni Buxoro viloyatida matematika fani oʻqituvchilari oʻrtasida oʻtkazilayotgan 1-Respublika olimpiadasi start oldi. Olimpiadani oʻtkazishdan asosiy maqsad taʼlim muassasalarining pedagog-oʻqituvchilari orasidan matematika fani boʻyicha ilgʻor, tashabbuskor va ijodkor pedagoglarni aniqlash, ulardagi qobiliyatlar, kasbiy mahoratni roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish hamda ularni qoʻllab-quvvatlashdan iborat.
Qorakoʻl Xalqaro matematika maktabida boʻlib oʻtayotgan mazkur olimpiada ikki kun davomida oʻtkazilishi belgilangan. Birinchi kun, yaʼni bugun 23-dekabrda ishtirokchilarga jami 5 ta topshiriqdan iborat yozma ish beriladi va 180 daqiqa vaqt ajratiladi. Topshiriqlardan dastlabki 2 ta masala 8 baldan, keyingi 2 ta masala 10 baldan, oxirgi masala esa 14 baldan jami 50 ball bilan baholanadi.
Ikkinchi kun - 24-dekabr olimpiadaning metodik qismi oʻtkaziladi. Mazkur jarayonda yechimlari keltirilgan misol va masalalarni toʻgʻri yoki notoʻgʻri yechilganligini izohlab, har bir masalani baholash hamda ijodiy yondashuv asosida shartga koʻra yangi masala tuzish talab etiladi. Buning uchun ishtirokchilarga 120 daqiqa vaqt ajratiladi.Barcha ishtirokchilar ikki turda ham qatnashadi.
Respublika bosqichida ballar ketma-ketligida eng yuqori natijalarni qoʻlga kiritgan 10 nafar ishtirokchilar gʻolib va sovrindor hisoblanadi. Gʻolib va sovrindorlarni aniqlashda ularning ballari bir xil boʻlgan taqdirda ularga qoʻshimcha 10 ta ochiq test taqdim etiladi va gʻolib aniqlanadi.