Xalq taʼlimi vazirligi masʼullari tomonidan Samarqand shahridagi navbatdagi taʼlim muassasalari muammolari o‘rganildi.
Jumladan, shahardagi 24-maktabda bo‘lib, 11-sinf bitiruvchilari bilan maktabni tamomlash arafasida samimiy muloqot qilinib, ertangi mustaqil hayotga qadam qo‘yishda egallaydigan kasblari, turmush tarzi va hayoti farovon bo‘lishi uchun to‘g‘ri kasb tanlanganligi muhimligi tushuntirib berildi.
O‘quvchilar bilan turli fanlardan savol-javob qilinib, faol qatnashgan 2 nafar o‘quvchiga noutbuk taqdim etildi.
Viloyat xalq taʼlimi boshqarmasiga maktabda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sog‘lomlashtirish, pedagoglarning o‘z ishiga nisbatan masʼuliyatini oshirish, o‘quvchilarga sifatli taʼlim berish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Mutasaddilar 19-maktabda ham bo‘lib, 8-sinf o‘quvchilarning dars jarayonlarida ishtirok etildi. Matematika, tarix, fizika fanlaridan o‘zlashtirishi, kasblar haqida tushunchalari yuzasidan suhbatlashildi. Mazkur maktabda ham 2 nafar faol o‘quvchiga noutbuk, tengdoshlariga kitoblar jamlanmasi, maktab jamoasiga televizor taqdim etildi.
Mazkur maktab 380 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, amalda 640 nafardan ortiq o‘quvchi qariyb 2 koeffitsiyentda taʼlim olmoqda. Viloyat hokimligi bilan birgalikda kelgusida aholisi soni o‘sishini inobatga olib, qo‘shimcha bino qurish uchun joy, dastlabki loyiha va hisob-kitoblarni amalga oshirish to‘g‘risida hududiy boshqarmaga ko‘rsatma berildi.
Shuningdek, 1-sonli alohida taʼlim ehtiyojlari mavjud maktabda bo‘lib, bu yerda o‘quvchilarga sharoitlarni yana-da yaxshilash uchun olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishildi.
Maktabga televizor taqdim etilib, o‘quvchilarga alohida mehr ko‘rsatish, ularni jamiyatga moslashib ketishlari uchun korreksion taʼlim jarayonlariga alohida eʼtibor qaratish zarurligi takidlandi.