NAVOIY VILOYATINING OLIS TOMDI TUMANI MAKTABLARIDAGI MAVJUD MUAMMOLARNI BARTARAF ETISH BO‘YICHA O‘RGANISHLAR OLIB BORILMOQDA

6-may 2022-yil
image

Kuni kecha Xalq taʼlimi vazirligi mutasaddilari tuman hokimi va sektor rahbarlari bilan birgalikda Navoiy viloyati markazidan qariyb 300 km olisda joylashgan Tomdi tumanidagi maktablarda mavjud muammolarni o‘rganmoqda.

a1.jpg

Xususan, sektor rahbarlari bilan birgalikda 1-, 6-,12-sonli maktablarda o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, maktab moddiy-texnik bazasi va infratuzilmasidagi sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha vazifalar belgilab olindi. Jumladan, yil yakuniga qadar 1-sonli maktab binosi “Obod qishloq” dasturi asosida, 12-sonli maktabga esa mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan yangi bino barpo etilishi rejalashtirildi.

Shuningdek, maktablarda yuqori sinf o‘quvchilari va pedagoglar bilan muloqotlarda o‘quvchilarning turli fanlar bo‘yicha bilimlari savol-javob qilinib, bitiruvchilarning tanlagan kelajak kasblari o‘rganildi. Muloqotlar davomida Tomdi tumani aholisi turmush darajasini yana-da yaxshilash uchun istiqboli mavjud kasblarni (sanoat, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, qurilish va boshqa sohalarni) tanlash oddiy misollar orqali tushuntirildi.

a3.jpg

Maktabda olgan bilimlarini hayotda qo‘llay olish ko‘nikmasiga ega bo‘lishlari, ayniqsa, kimyo, fizika, matematika kabi qator fanlarni chuqur o‘zlashtirishi zarurligi taʼkidlandi.

Pedagoglarga esa buning uchun avvalo kasblar ahamiyati haqida o‘quvchilarni kengroq tanishtirib borishlari lozim ekanligi qayd etildi.

Bugungi kunda Tomdi tumani maktablarini malakali pedagoglar bilan taʼminlash va taʼlim sifatini oshirish maqsadida boshqa hududlardan 20 nafardan ortiq pedagog jalb etilgan. Shunday pedagoglardan biri Dilafro‘z Jumayeva Buxoro viloyatidan kelib, kimyo fanidan dars bermoqda.

a2.jpg

Shuningdek, ushbu tumandagi 1-sonli maktabning ingliz tili o‘qituvchisi Zarina Murodovaga maktabda taʼlim sifatini yana-da oshirishda o‘z hissasini qo‘shayotgani, qolaversa, mazkur muassasadan iqtidorli va aʼlochi o‘quvchilarni tayyorlab, samarali mehnat qilayotganligi uchun noutbuk taqdim qilindi.

 

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu