Kuni kecha Jizzaxdan qaytgan Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov 3-avgust kuni Sirdaryo viloyatiga bordi. Vazir viloyatning taʼlim muassasalarini yangi oʻquv yiliga va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati, yangidan barpo etilayotgan umumtaʼlim maktablari, ulardagi bunyodkorlik, qurilish-taʼmirlash ishlarini oʻrganmoqda.
Dastlabki manzil Xovos tumanidagi taʼlim muassasalari boʻldi va ushbu hududdagi taʼlim sifati past boʻlgan qizil toifadagi 16- va 23-umumtaʼlim maktablari hamda 1-sonli ixtisoslashgan davlat umumtaʼlim maktablari faoliyati bilan tanishishdan boshlandi.
Tashrif davomida taʼlim sifati past boʻlgan 23-maktabga yangidan qurilgan qoʻshimcha bino holati va undagi jihozlash jarayonlari, sport maydonchalari hamda 16-maktabdagi yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik holatini koʻzdan kechirdi.
Xalq taʼlimi vaziri mutasaddilarga qizil toifadagi va olis hududdagi maktablarga “Yangi Oʻzbekiston ustozlari” loyihasi doirasida boshqa hududlardan mahoratli oʻqituvchilarni jalb etish, viloyatda taʼlim sifatini koʻtarish lozimligini taʼkidladi va qizil toifadagi maktablar sonini kamaytirish boʻyicha oʻz tavsiyalarini berdi.
Vazir Xovos tumanidagi tashrif buyurgan maktablariga kompyuter jihozlari va kutubxona uchun kitoblar jamlanmasi sovgʻa qildi.
Shuningdek, Sherzod Shermatov Sirdaryo viloyati hududiy malaka oshirish markazida pedagoglar uchun tashkil etilgan “Umumiy oʻrta taʼlimning Milliy oʻquv dasturini 1-2-sinflarda amaliyotga joriy etish” boʻyicha viloyat oʻquv seminarida ham qatnashdi.
Mazkur seminarda bevosita vazir ishtirokida Milliy oʻquv dasturi yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi va ushbu dasturni yana-da rivojlantirish boʻyicha pedagoglarning takliflari tinglandi.