Ayni damda Toshkent shahridagi “Hilton Tashkent City” mehmonxonasida Xalq taʼlimi vazirligi, YUNISEF hamda o‘ndan ortiq xalqaro tashkilotlar ishtirokida yuqori darajadagi uchrashuv bo‘lib o‘tmoqda.
Topshiriqqa asosan Andijon viloyatida bo‘lib turgan Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov uchrashuvni onlayn tarzda ochib berdi hamda ishtirokchilarga xalq taʼlimini rivojlantirish bo‘yicha kelgusida amalga oshiriladigan strategik hamkorlik yo‘nalishi hamda kelgusi 3-5 yillik uchun xalq taʼlimi tizimi oldida turgan dolzarb masalalar haqida fikr bildirdi.
Tadbirda xalq taʼlimini rivojlantirish strategiyasini belgilash, unda xalqaro tashkilotlarning o‘rni va imkoniyatlarini aniqlash, Taʼlim bo‘yicha global hamkorlik fondi (GPE) homiyligida tizimda olib borilayotgan islohotlar sarhisobi hamda xalq taʼlimini rivojlantirishning 5 yilga mo‘ljallangan dasturini ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda.
Uchrashuvda Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Britaniya kengashi, Amerika kengashi, UNESKO, UNISEF, JICA, KOICA kabi xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari vakillaridan iborat jami 50 nafar ishtirokchilar qatnashmoqda.