Joriy yilning 22 aprel kuni Milliy matbuot markazida Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan Davlat dasturida belgilangan vazifalarning joriy yil I choragi davomida amalga oshirilgan ishlar mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirda Xalq taʼlimi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxodjayev va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Anjuman avvalida Usmon Sharifxodjayev Davlat dasturida belgilangan vazifalar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil maʼlumot berib o‘tdi. Xususan, taʼlim mazmunini yangilash va pedagoglarning bilimini yaxshilashga alohida urg‘u berilganini taʼkidladi.
Shuningdek, 2022 yilda 296 nomdagi yangi darsliklar, mashq daftarlari, o‘qituvchi metodika kitoblarini yaratish belgilangan bo‘lib, hozirgi kunga qadar 3-sinflar uchun 77 nomdagi darslik, mashq daftari va o‘qituvchi metodik qo‘llanmalari hamda 3-sinflar uchun 6 fandan 26 nomdagi multimediali ilovalar yaratilganini qayd etdi va sohada olib borilayotgan qator islohotlarga to‘xtalib o‘tildi.
Anjuman so‘ngida OAV xodimlari tomonidan berilgan savollarga Xalq taʼlimi vazirligi masʼullari tomonidan batafsil javob berildi.