Hayʼat yigʻilishida tizimga doir muhim masalalar muhokama qilindi

27-yanvar 2025-yil
image

Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova boshchiligida 2024-yilda tizimda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi hamda joriy yildagi muhim vazifalar ijrosiga bagʻishlangan Hayʼat yigʻilishi oʻtkazildi.

Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan tadbirda vazir oʻrinbosarlari, vazirlik va tizim tashkilotlari masʼul xodimlari hamda hududiy boʻlinmalar va Pedagogik mahorat markazlari rahbarlari ishtirok etdi.

Vazir Hilola Umarova kun tartibidagi masalalarga atroflicha toʻxtalib, oʻtgan yil davomida maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida amalga oshirilgan ishlar hamda sohadagi joriy yilgi rejalar toʻgʻrisida soʻz yuritdi.

Qayd etilganidek, oʻtgan yilda bolalarni maktabgacha taʼlimga qamrov darajasi 76 foizga, maktabga tayyorlov guruhiga qamrov darajasi 96 foizga oshdi.

Sohaga xususiy sektor keng jalb qilinishi natijasida nodavlat maktablar soni 573 taga yetkazildi va qoʻshimcha 40 mingga yaqin oʻquvchi oʻrni yaratildi. 500 ta umumta’lim maktabida joriy etilgan yangi baholash tizimi natijasida mazkur maktablardagi oʻquvchilarning oʻzlashtirish koʻrsatkichi 6 foizga oshdi.

Tanqidiy-tahliliy ruhda oʻtkazilgan yigʻilishda tizimdagi mavjud kamchiliklar va amalga oshirilishi zarur boʻlgan ishlar ham atroflicha tilga olib oʻtildi. Xususan, Toshkent, Surxondaryo, Samarqand, Buxoro viloyatlari va poytaxtdagi ayrim mahallalarda maktabgacha taʼlim tashkilotlari yoʻqligi tanqid qilindi.

Shu sababli yil yakuniga qadar maktabgacha taʼlimga qamrov darajasini 78 foizga yetkazish, respublikadagi eng ogʻir mahallalarda 1 000 ta oilaviy nodavlat bogʻcha tashkil etish, joriy yil 1-fevralga qadar har bir tuman (shahar)da bittadan maktabgacha taʼlim tashkilotida “inklyuziv taʼlim” guruhlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha masʼullar oldiga aniq vazifalar belgilab berildi.

Shuningdek, sohaga doir aholi murojaatlarini oʻz vaqtida oʻrganish, vazirlik quyi boʻgʻini va umumtaʼlim maktablarini malakali kadrlar bilan toʻldirish, davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat umumtaʼlim muassasalarini tashkil etish ishlarini yanada jadallashtirish, pedagoglar malakasini doimiy oshirib borishga doir kelgusi rejalar belgilab o‘tildi.

Yigʻilish davomida vazirlik markaziy apparati, tizim tashkilotlari va hududiy boʻlinmalarga tayinlangan rahbar va mas‘ul xodimlar jamoaga tanishtirildi.

Tadbir soʻngida vazirlik masʼullari va hududiy boshqarma boshliqlarining kun tartibidagi mavzularga oid hisobotlari tinglandi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu