Markaziy Osiyo Universitetlari forumi doirasida xorijiy tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etildi

17-oktabr 2024-yil
image

Xabar qilinganidek, kuni kecha Maktabgacha va maktab vazirligi tizimidagi Yangi Oʻzbekiston universitetida Markaziy Osiyo Universitetlari forumining xorijiy tashkilotlar vakillari ishtirokidagi ochiq muloqot tadbiri boʻlib oʻtdi.

Forum doirasida Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova hamda qator xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

Muloqot avvalida Times Higher Education rahbari Phil Baty ishtirokida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Suhbat doirasida Times Higher Education reytingida oʻrin olgan Oʻzbekistondagi universitetlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar, kelgusi rejalar muhokama qilindi.

Tadbirda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.Sharipov ishtirok etib, tilga olib oʻtilgan masalalar boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdi.

Dunyoning eng ilgʻor oliy taʼlim dargohi hisoblangan Massachusets texnologiyalari institutining akademik rivojlanish boʻyicha prorektori, professor Erik Grimson ishtirokida davra suhbatida ham qizgʻin mavzular tilga olib oʻtildi.

Xususan, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda taʼlimga qaratilayotgan eʼtibor, "Yangi Oʻzbekiston" Universiteti va Massachusets instituti oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda maktabgacha va maktab taʼlimi sohasida sunʼiy intellekt va yangi texnologiyalarni takomillashtirish boʻyicha hamkorlik loyihalarini yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.

Buyuk Britaniyaning Harrow school ijrochi direktori Eric Long va oʻquv masalalari boʻyicha direktori Ahmed Husayn bilan oʻtkazilgan muloqotlar doirasida Oʻzbekistonda xususiy maktablar va davlat xususiy sherikchilik asosida tashkil etilgan maktablarga qaratilayotgan eʼtibor, imkoniyat va imtiyozlarga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Aytish lozimki, dunyo boʻylab ushbu turdagi maktablar tizimining 12 ta filiali mavjud boʻlib, uchrashuvda Markaziy Osiyodagi shu turdagi birinchi maktablar filialini Oʻzbekistonda ochish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Birlashgan Arab Amirliklarining Xalifa Universiteti Prezidenti Ibrahim Al-Hajri ishtirokida oʻtkazilgan davra suhbatida Yangi Oʻzbekiston va Xalifa universitetlari oʻrtasida tajriba almashinuv loyihalarini tashkil etish, qoʻshma dasturlar va hamkorlik memorandumini imzolashga kelishib olindi.

Birlashgan Arab Amirliklarining "Emirates national schools" direktori Dr.Ahmad Al-Bastaki ishtirokida tashkil etilgan tadbirda amaldagi hamkorlik loyihalari va ularning natijalari, Abu Dabi Emirates national schoolda tashkil etilgan "Raqamli avlod qizlari-2024" loyihasi gʻoliblari ishtirokidagi Taʼlim sayohati masalalari muhokama qilindi.

Kelgusida ushbu hamkorlik koʻlamini yanada kengaytirish va yangi loyihalarni boshlash masalalari koʻrib chiqildi.

British Council Ingliz tili dasturlari direktori Michael Connolly bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy pedagogik markazda tashkil etilgan maʼruza taassurotlari haqida fikr almashildi. Shu bilan birga Britaniya Kengashi hamkorligida maktabgacha va maktab taʼlimi sohasida amalga oshirilayotgan loyihalarni izchil davom ettirish hamda hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Times Publishing Ltd bosh ijrochi direktori Sue Pen Yim ishtirokida boʻlgan davra suhbatida amaldagi hamkorlik loyihalari natijalari, kelajakda oʻqituvchilarni malakasini yanada oshirish boʻyicha takliflar, maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida ingliz tilini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Germaniyaning Technische Hoshchule Ingolstadt universiteti Prezidenti Dr.Walter Schober ishtirokidagi uchrashuvda maktabgacha va maktab taʼlimi sohasida Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi hamkorlik loyihalari alohida eʼtirof etildi.

Shuningdek, kelgusida "Yangi Oʻzbekiston" va Technische Hoshchule Ingolstadt universitetlari oʻrtasida talabalar va tadqiqotchilar almashinuvi, oʻqituvchilar uchun qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil etish boʻyicha navbatdagi vazifalar kelishib olindi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu