Umumta’lim maktablari o‘qituvchilari uchun joriy etilayotgan “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlantirish soati” tadbirlari"mavzusida matbuot anjumani

12-avgust 2024-yil
image

Bugun Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Umumta’lim maktablari o‘qituvchilari uchun joriy etilayotgan “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlantirish soati” tadbirlari"mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda vazirlik huzuridagi Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari rahbar, pedagog va mutaxassis kadrlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi samaradorligini ta’minlash, ularning kasbiy bilim, ko‘nikma va mahoratini muntazam oshirib borish maqsadida qator ishlar olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 21 iyundagi “Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-231-son qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024 yil 7 avgustdagi tegishli buyrug‘iga muvofiq, 2024-2025-o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘qituvchilari uchun fanlar kesimida «Kasbiy rivojlanish kuni» va «Kasbiy rivojlantirish soati» tadbirlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Unga ko‘ra:

Dushanba kuni — Ijtimoiy fanlar (tarix, davlat va huquq asoslari, tarbiya) o‘qituvchilari uchun;

Seshanba kuni — Filologiya fanlari (ona tili va adabiyot, o‘zbek tili/rus tili) o‘qituvchilari uchun;

Chorshanba kuni — Tabiiy fanlar (fizika va astronomiya, kimyo, biologiya, geografiya va iqtisodiyot, tabiiy fan — Sciyence) o‘qituvchilari uchun;

Payshanba kuni — Aniq fanlar (matematika, informatika va axborot texnologiyalari) o‘qituvchilari uchun;

Juma kuni — Xorijiy tillar o‘qituvchilari uchun;

Shanba kuni — Amaliy fanlar (tasviriy san’at, chizmachilik, musiqa madaniyati, texnologiya, jismoniy tarbiya, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik) va boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun «Kasbiy rivojlanish kuni» va «Kasbiy rivojlantirish soati» tadbirlari tashkil etiladi.

Ushbu tadbirlarda mentor-o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritadigan fan o‘qituvchilariga asosiy ish joyi bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim muassasasi direktor jamg‘armasi hisobidan lavozim maoshining 20 foizi miqdorida qo‘shimcha har oylik ustama haq to‘lanadi.

«Kasbiy rivojlanish kuni» tadbirlariga fanlar kesimida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining yetakchi o‘qituvchilari jalb qilinadi.

Kasbiy rivojlanish kunlari tegishli fan o‘qituvchilari uchun asosan kasbiy rivojlantirish tadbirlarida ishtirok etadigan ish kuni hisoblanadi.

«Kasbiy rivojlanish kuni» va «Kasbiy rivojlantirish soati» tadbirlari o‘tkaziladigan vaqtda tegishli fan o‘qituvchilari maktablardagi dars mashg‘ulotlari va boshqa tadbirlarga jalb qilinmaydi.

Tadbirda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining pedagoglar malakasini oshirish, zamonaviy metodikalarni qo‘llagan holda darslarni tashkil etish bo‘yicha Singapurning “Marshall Cavendish Education” tashkiloti bilan hamkorlikda olib borayotgan faoliyati xususida ham so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, joriy yilning iyun oyida «Marshall Cavendish Education» tashkiloti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan seminar-treninglarning mantig‘i davomi sifatida 5-8 avgust kunlari Respublikamiz bo‘ylab "Muvaffaqiyatli islohotlar — yuqori natijalar" mavzusida tashkil etilgan seminar-treninglar tashkil etildi.

Kaskad usulida tashkil etilgan hamda 2000 nafarga yaqin ustozlarni o‘z ichiga qamrab olgan ushbu mahorat darslarida maktab direktorlari, matematika va tabiiy fanlar ustozlari malakali trener mutaxassislardan yangi bilim va ko‘nikmalarni o‘rganishdi, o‘zaro tajriba almashishdi.

Mashg‘ulotlarda ta’limni raqamlashtirish, o‘qituvchilar salohiyatini oshirish, ta’limda liderlik, zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish kabi mavzularda so‘z yuritildi.

Singapur tajribasi asosida maktab rahbarlari va o‘qituvchilar malakasini oshirish, ularni kasbiy rivojlantirishga doir ilg‘or tajribalarni almashish bo‘yicha fikr-mulohalar bildirildi. Xususan, o‘quvchilar bilimi va ko‘nikmalarini baholash hamda rivojlantirishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish, ta’limni raqamlashtirish bo‘yicha muloqot qilindi.

Ushbu trening mashg‘ulotlari joriy yilning 19-22 avgust kunlari tuman (shahar)lar bo‘yicha, 26-29 avgust kunlari umumta’lim maktablari miqyosida tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Tadbir so‘nggida jurnalistlarning mavzuga doir savollariga mutasaddilar tomonidan atroflicha javob berib o‘tildi.

 

 

 

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu