XALQ TAʼLIMI VAZIRLIGI JINOYATCHILIKKA QARSHI KURASHISH BOʻYICHA HARAKATLARNI QOʻLLAB-QUVVATLAYDI

10-mart 2021-yil
image

 

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov Yaponiyaning Kioto shahrida boʻlib oʻtayotgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining narkotik moddalar isteʼmolini oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurash boʻyicha 14-kongressida masofadan turib oʻz maʼruzasi bilan (ingliz tilida) ishtirok etdi.

Vazir oʻz nutqida vazirlik tomonidan BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilikni oldini olish boʻyicha Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda amalga oshirib kelinayotgan ishlarning ahamiyati va qoʻlga kiritilgan natijalar toʻgʻrisida kongress ishtirokchilariga batafsil maʼlumot berdi.

Xususan, 2015-yilda qabul qilingan Doxa deklaratsiyasi doirasida amalga oshirilgan ishlarning respublikamiz xalq taʼlimi tizimidagi implementatsiyasi masalasiga alohida eʼtibor qaratdi. Misol sifatida «Zorblar» multserialining Oʻzbekiston taʼlim tizimida yangidan joriy etilgan “Tarbiya” fani darsliklariga kiritilganligi alohida qayd etildi.

Oʻz nutqining soʻnggida vazir BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilikni oldini olish boʻyicha Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi rahbari Ashita Mittal xonimga koʻp yillik samarali hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirgan holda, aloqalarni yana-da rivojlantirish boʻyicha taklif bildirdi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirining nutqi kongress ishtirokchilarida katta qiziqish bilan kutib olindi. Xususan, kongress ishida raislik qilgan BMTning masʼul xodimi Jon Brandolino Oʻzbekistonda mazkur yoʻnalishda amalga oshirilgan ishlarga yuksak baho berdi.

.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu