“Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlantirish soati” tadbirlarida mentor-oʻqituvchi sifatida faoliyat yuritadigan oʻqituvchilarga 20 foiz har oylik ustama toʻlanadi

8-avgust 2024-yil
image

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2024-yil 7-avgustdagi tegishli buyrugʻi bilan:

2024-2025-oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻqituvchilari uchun fanlar kesimida “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlantirish soati”tadbirlari bosqichma-bosqich joriy etilishi belgilandi.

Shuningdek:

“Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlantirish soati” tadbirlarida mentor-oʻqituvchi sifatida faoliyat yuritadigan fan oʻqituvchilariga asosiy ish joyi boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim muassasasi direktor jamgʻarmasi hisobidan lavozim maoshining 20 foizi miqdorida qoʻshimcha har oylik ustama haq toʻlanadi;

“Kasbiy rivojlanish kuni” tadbirlariga fanlar kesimida umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining yetakchi oʻqituvchilari jalb qilinadi;

Kasbiy rivojlanish kunlari tegishli fan oʻqituvchilari uchun asosan kasbiy rivojlantirish tadbirlarida ishtirok etadigan ish kuni hisoblanadi;

“Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlantirish soati”tadbirlari oʻtkaziladigan vaqtda tegishli fan oʻqituvchilarini maktablardagi dars mashgʻulotlariga va boshqa tadbirlarga jalb qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

 “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlantirish soati” tadbirlari tashkil etiladigan kunlar:

Dushanba kuni — Ijtimoiy fanlar (tarix, davlat va huquq asoslari, tarbiya) oʻqituvchilari;

Seshanba kuni — Filologiya fanlari (ona tili va adabiyot, oʻzbek tili/rus tili) oʻqituvchilari;

Chorshanba kuni — Tabiiy fanlar (fizika va astronomiya, kimyo, biologiya, geografiya va iqtisodiyot, tabiiy fan — Sciyence) oʻqituvchilari;

Payshanba kuni — Aniq fanlar (matematika, informatika va axborot texnologiyalari) oʻqituvchilari;

Juma kuni — Xorijiy tillar oʻqituvchilari;

Shanba — Amaliy fanlar (tasviriy sanʼat, chizmachilik, musiqa madaniyati, texnologiya, jismoniy tarbiya, chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik) va boshlangʻich taʼlim oʻqituvchilari.

“Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlantirish soati” tadbirlarini joriy qilishdan asosiy maqsad:

Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarning ilgʻor tajribalarini umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga joriy qilish;

oʻqituvchilarga zamonaviy pedagogik va innovatsion taʼlim texnologiyalarini oʻzlashtirish uchun sharoit yaratish;

oʻqituvchilarning oʻzi ustida mustaqil ishlashi va ilgʻor pedagogik tajribalarni oʻrganishini tashkil etish;

oʻqituvchilarni fan va uni oʻqitish metodikasiga doir yangiliklar bilan tanishtirish;

oʻqituvchilarga oʻzaro tajriba almashish, shu jumladan, “Ustoz-shogird” tizimida hamkorlik qilish imkoniyatini yaratish;

oʻqituvchilarning oʻzaro dars kuzatishi, refleksiv amaliyoti hamda maktab negizida malaka oshirishi uchun imkoniyat yaratib berishdan iborat.

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘qituvchilari uchun “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlarini tashkil etish tartibi


“Kasbiy rivojlanish kuni” o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan tayanch umumiy o‘rta ta’lim muassasalari ro‘yxati

 

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu