Respublikadagi barcha maktabgacha taʼlim tashkilotlari xodimlari malakasi kaskad usulida oshiriladi

6-avgust 2024-yil
image

Bugun Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova boshchiligida oilaviy va DXSH asosidagi bogʻchalarga beriladigan subsidiyalar, yangi oʻquv yilida 1-sinfga qabul jarayonlari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari rahbar va pedagoglarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish, “Ustozlar milliy forumi”ni oʻtkazish masalalariga bagʻishlangan “Vazir soati” boʻlib oʻtdi.

Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan tadbirda vazir oʻrinbosarlari, vazirlik masʼullari hamda hududiy boshqarmalar boshliqlari ishtirok etdi.

Vazir Hilola Umarova kun tartibidagi masalalarga atroflicha toʻxtalib oʻtar ekan, bugungi kunda maktabgacha taʼlim bilan qamrab olingan 2 mln nafardan ortiq bolaning 712 ming nafari (31,2 foiz) oilaviy bogʻchalarda tarbiyalanayotganligini aytib o‘tdi. Ammo bu maskanlarning ayrimlarida yaratilgan sharoitlar, taʼlim-tarbiya jarayonlarining davlat oʻquv dasturlari asosida tashkil etilganligi, sogʻlom va xavfsiz ovqatlantirish kabi masalalar barcha bogʻchalarda ham koʻngildagidek emas.

Yigʻilishda qayd etilganidek, 2024-2025-oʻquv yilida 1-sinfga 719 ming nafardan ortiq oʻquvchi qabul qilinishi rejalashtirilgan boʻlsa, shu kunga qadar 603 ming nafardan ortiq ariza qabul qilindi va bu jarayon davom etmoqda. 1-sinfiga qabul qilingan har bir oʻquvchi vazirlikning adm.maktab.uz platformasiga kiritilib borilmoqda.

Maktabgacha taʼlim tashkilotlari rahbar, pedagog va mutaxassis kadrlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish maqsadida joriy yilning avgust-dekabr oylarida Jahon banki loyihasi doirasida 4 bosqichda seminarlar tashkil etilib, xorijiy mutaxassislar tomonidan eng sara metodistlar master-trener sifatida tayyorlanadi.

Bu oʻquv jarayonlari hudud va tumanlarda kaskad usulida davom ettiriladi. Natijada 7 ming nafar metodist va 78 ming nafar tarbiyachining malakasi oshiriladi.

Aytilganidek, 15-16-avgust kunlari “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” shiori ostida “Ustozlar milliy forumi”ning respublika bosqichi oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Unda hududlardan 400 nafar ilgʻor, tashabbuskor, yetakchi oʻqituvchi va tarbiyachilar jalb etiladi.

Toshkent viloyatida joylashgan “Renessans” bolalar oromgohida tashkil etilishi koʻzlangan ushbu Forum tadbirlari kaskad usulida davom ettirilib, 19-20-avgust kunlari viloyat, 23-24-avgust kunlari tuman (shahar), 27-30-avgust kunlari barcha maktablarda tashkil etiladi.

Mazkur vazifalar ijrosini yuqori saviyada tashkil etish boʻyicha yigʻilish ishtirokchilariga muhim topshiriqlar berildi.

Tadbir soʻnggida vazirlik masʼullari va hududiy boshqarma boshliqlarining kun tartibidagi mavzularga oid hisobotlari tinglandi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu