Xalq ta’limi vazirligi hamda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan 2021 yil 8 yanvarda “Xalq ta’limi vazirligining hududiy boshqaruv organlari boshqaruv xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini baholash tizimini joriy etish va takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori tasdiqlandi.
Mazkur qarorga asosan Xalq ta’limi vazirligining hududiy boshqaruv organlari boshqaruv xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini baholash hamda ularning sifat tarkibini qayta ko‘rib chiqish belgilandi.
Shu munosabat bilan, joriy yilning 15 mart kunidan boshlab tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlarining boshqaruv xodimlari ikki bosqichda baholash jarayonidan o‘tkaziladi.
Birinchi bosqichda baholanuvchilarning xalq ta’limi sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni bilish darajasi, menejerlik qobiliyati, malaka tavsiflarida belgilangan lavozim majburiyatlariga mosligi, kasbiy kompetentliligi, dunyoqarashi va aqliy salohiyati (IQ) suhbat (5 ta savoldan iborat bilet) tarzida aniqlanadi.
Ikkinchi bosqichda esa ularning kelgusi faoliyatini tashkil etilishi va rejalari yuzasidan taqdimoti baholanadi.
Bunda, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari mudirlarining umumiy o‘rta ta’limni takomillashtirish va xalq ta’limi muassasalarini rivojlantirishga oid 3 yilga mo‘ljallangan istiqbolli dasturi;
tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari, shoʻba mudiri va mutaxassislarining so‘nggi bir yil davomida amalga oshirgan ishlari, shuningdek, kelgusidagi rejalari bo‘yicha slaydlar ko‘rinishidagi taqdimoti baholanadi.