RESPUBLIKAMIZDAGI 86 TA TAʼLIM MUASSASALARIDA ALOHIDA TAʼLIMGA EHTIYOJI BO‘LGAN 28159 NAFAR O‘QUVCHI TAʼLIM OLADI

13-aprel 2022-yil
image

Aytish joizki, bugungi kunda Respublikamizda 86 ta, jumladan, 4 ta tayanch harakati shikastlangan va nutqida nuqsoni bor, 14 ta ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi, 18 ta kar va zaif eshituvchi va 50 ta aqli zaif bolalar uchun ixtisoslashtirilgan hamda 22 ta sanatoriy shaklidagi taʼlim muassasalari faoliyat yuritib, ularda 28 159 nafar o‘quvchi taʼlim va tarbiya oladi. Shuningdek, ushbu muassasalar tomonidan 8668 nafar nogiron bolalarga uyda yakka tartibda taʼlim beriladi.

Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar taʼlimini tashkil etishda ularga yetarli darajada shart-sharoitlar yaratish maqsadida quyidagi ishlar amalga oshirildi. 

Jumladan:

I. Taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha:

- 2021 yilda taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun davlat byudjeti va homiylar hisobidan jami 101,2 mlrd. so‘m mablag‘ ajratildi;

- 2018-2021 yillarda 9 ta taʼlim muassasasida davlat byudjeti hisobidan 28,9 mlrd. so‘mlik qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirildi; 

- “Zamin” xalqaro jamoat fondi yordamida kar va zaif eshituvchi bolalar uchun taʼlim muassasalarida zamonaviy kompyuter sinf xonalari tashkil etildi, robotexnika jihozlari va o‘quv qo‘llanmalari yetkazildi;

- 11 ta kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari eshitish uchun maxsus texnik jihozlar bilan jihozlandi;

- 2000 nafar kar va zaif eshituvchi bolalarga “Zamin” xalqaro jamoat fondi ko‘magida eshitish moslamalari o‘rnatildi; 

- Toshkent shahridagi ko‘zi ojiz bolalar maktab-internatida kompyuter markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi;

- 14 ta ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari 3 ming dona maxsus jihozlar (grifel va pribor) bilan taʼminlandi;

- barcha muassasalar yuqori tezlikdagi optik tolali internet bilan taʼminlandi.

Xo‘sh bugungi kunda imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini yaxshilash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

-  2021/2022 o‘quv yilini o‘zida 214 nafar kasalligi yengil darajadagi o‘quvchilar inklyuziv taʼlimga jalb qilinib, umumtaʼlim maktablariga joylashtirildi. Bugungi kunda inklyuziv taʼlimga qamrab olingan o‘quvchilarning umumiy soni 808 nafarni tashkil qilmoqda.  

- joriy o‘quv yilidan boshlab tajriba-sinov tariqasida shaharlarda hamda Toshkent shahrining tumanlarida joylashgan bittadan umumtaʼlim maktablarida inklyuziv taʼlim tizimi joriy qilindi;

- imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari o‘quvchilari uchun 360 nomda 324,5 ming nusxa darsliklar chop etildi;

- o‘quv reja va dasturlar optimallashtirilib, o‘rtacha 12 foizga qisqartirildi;

- uyda yakka tartibda taʼlim oluvchi o‘quvchilar uchun jami 11 664 dona o‘quv qurollari yetkazildi.

- o‘quv jarayonini raqamlashtirish, qog‘ozbozlikni kamaytirish maqsadida taʼlim muassasalari raqamli taʼlim (elektron jurnal) platformasiga o‘tkazilgan.

Alohida taʼlimga ehtiyoji bo‘lgan o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘rgatish maqsadida amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak.

Bugungi kunda yuqoridagi turdagi barcha o‘quv muassasalari tomonidan o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘rgatish maqsadida tikuvchilik, duradgorchilik, pazandachilik, hunarmandchilik to‘garaklari mavjud bo‘lib, ular barcha zaruriy jihozlar bilan taʼminlangan;

- 2018-2021 yillardagi 6 348 nafar bitiruvchilarning 380 nafari kasb-hunar maktabiga, 9 nafari akademik litseyga, 62 nafari kollejlarga, 23 nafari texnikumlarga, 240 nafari oliy taʼlim muassasalariga qabul qilingan.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu