Maqolamiz qahramoni — chekka bir hududda yosh avlod qalbini ilm nurlari ila charog‘on etib kelayotgan oddiy qishloq o‘qituvchisi – Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi 41-umumta’lim maktabining ingliz tili fani muallimasi Yelena Azimjonova.
Xo‘sh, u qanday qilib shu natijaga erishdi?
20 yillik pedagogik tajribaga ega bo‘lgan mahoratli muallima o‘z muvaffaqiyatlarining siri haqida gapirib berdi.
— Aslida omad, muvaffaqqiyat – mehnat va izlanishning hosilasidir,- deydi u. -Hayotda hech narsaga shunchaki erishib bo‘lmaydi. Mening eng birinchi yutug‘im – o‘zim sevgan kasbda faoliyat olib borayotganimdir. Maktab, o‘quvchilarim – hayotim mazmuni.
Yana bir muhim jihati – men o‘qituvchisi e’zoz topayotgan, mehnati yuksak qadrlanayotgan mamlakatning o‘qituvchisiman. Buni faxr bilan qayta-qayta takrorlashdan sira charchamaymay.
Agarki, kasbingni sevsang, o‘z ustingda izlansang, berilgan imkoniyatlardan unumli foydalansang – muvaffaqiyat sening qo‘lingda! Ham ma’nan, ham moddiy jihatdan yuksalib boraverasan, hurmat-e’tibor qozonasan, o‘zingni baxtiyor his etasan. O‘N OLTI MILLION MAOSH, SHAXSIY MASHINA, KO‘RKAM HOVLI VA YUKSAK MARTABA - o‘z kasbim ortidan bugun shularning barchasiga egaman.
Kasb tanlash hayotdagi jiddiy qadam bo'lib, uni ulg'ayish bosqichida ongli ravishda amalga oshirish kerak - har doim shunday bo'lgan, lekin men bu qoidadan istisnoman. Chunki men juda yoshligimda o'qituvchi bo'lishga qaror qilganman. Bu qarorga ilhomlantirgan insonlar butun umrini o‘qituvchilikka bag‘ishlagan yaqinlarim edi.
Hozirgi kunda oliy toifali o‘qituvchiman, shuningdek, TESOL, ESOL, IELTS, Linguaskill kabi xalqaro miqyosda tan olingan sertifikatlarning C1 darajasiga egaman.
2021-yilda Amerika Kengashi va Xalq ta’limi vazirligi hamkorligidagi ESN loyihasida finalist sifatida tanlanib ,TESOL, TETE, TOT, ELTeach kabi Amerika Qo‘shma Shtatlarining yetakchi George Mason Universiteti va TESOL uyushmasi professorlari murabbiylik qilgan malaka kurslarida bir yil davomida o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritdim.
O‘tgan o‘quv yilida vazir jamg‘armasi ustamasi uchun o‘tkazilgan sinovlarda ishtirok etib, g‘oliblar qatoridan joy oldim.
Bugun nafaqat Qorako‘l tumani, balki Buxoro viloyatida uslubiy yordam ko‘rsatuvchi mobil guruhning faol a’zolaridan biriman. Menimcha, yosh avlodni tarbiyalashda nafaqat o‘quvchilarga bilim berish, balki fan o‘qituvchilariga uslubiy yordam berish ham ustuvor va muhim maqsadlardan biridir. Chunki o‘qituvchi salohiyatli bo‘lsagina, o‘quvchilarni o‘z ortidan ergashtira oladi.
Ayni paytda o‘quvchilarga bilim berish, hamkasblarimga metodik yordam ko‘rsatish barobarida ta’lim bo‘yicha magistr darajasini olishga intilyapman. Bundan tashqari, ta’limdagi tashkiliy nazariya, maktab huquqi, muzokaralar va hatto moliya kabi mavzularni chuqur o‘rganish orqali o‘z tajribamni boyitishni ko‘zlayapman.
Barcha intilishlarimning markazida o‘quvchilarimga o‘qishda va maqsadlarini aniq belgilashda yordam berish, ularni jamiyatga ijobiy hissa qo‘shadigan kishilar bo‘lishga undashga bo‘lgan qat’iy istagim yotadi.
Men ishimni yaxshi ko‘raman. Har kuni ertalab sinfga “xayrli tong, ustoz” deya o‘quvchilarim kirib keladi va bu ingliz tilini bolalarga o‘qitishda eng qiyin sinovlarni ham yengish uchun yetarli kuch va motivatsiya beradi.
Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati