Respublika Bosh prokuraturasi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamkorligida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasi hamda "Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi" asosida bugun Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasida ochiq muloqot tashkil etildi.

Tadbirda viloyat prokurorining katta yordamchisi Abdumurod To‘rayev hamda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Xusniddin Mamadiyev ishtirok etdi.
Muloqot ZOOM platformasi orqali onlayn tarzda ham tashkil etildi. Unda tuman va shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari boshliqlari, xodimlari, shuningdek maktabgacha ta'lim tashkiloti va maktab direktorlarining faol ishtiroki ta’minlandi.

Muloqot davomida so‘nggi davrda ta’lim tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi. Ayniqsa, korrupsiyaning jamiyat hayotiga salbiy ta’siri va uning og‘ir oqibatlari alohida ta’kidlandi.

Yig‘ilish davomida ochiq fikr almashildi, korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik faolligini oshirish, ta’lim tizimida shaffoflikni kuchaytirish hamda bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi va belgilab olindi.