Hurmatli tizim xodimlari,
Qadrli ota-onalar!
Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan xalqchil va keng islohotlar natijasi oʻlaroq, maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida korrupsiyaning oldini olish, uning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, nodavlat taʼlim muassasalari tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish, byudjet toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining buzilish holatlarini profilaktika qilish borasida qator chora-tadbirlar belgilandi.
Tizimda masofadan yoki “bir darcha” tamoyili asosida davlat xizmatlarini koʻrsatish koʻlami yildan yilga ortib bormoqda.
Vazirlik korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi bu kabi ishlarni kelgusida ham tizimli ravishda davom ettiradi, jismoniy va yuridik shaxslarning bu sohadagi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlaydi.
Hurmatli maktabgacha va maktab taʼlimi tizimi jamoasi,
Qadrli ota-onalar!
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda uning hududiy boʻlinmalari, tizim tashkilotlari, maktabgacha va maktab taʼlimi muassasalari xodimlarining korrupsiyaviy xatti-harakatlariga guvohi boʻlsangiz yoki ularning qonunchilikka zid boshqa huquqbuzarlik holatlariga aloqadorligi yuzasidan maʼlumotlarga ega boʻlsangiz, vazirlikning “Ishonch telefoni” (71-202-09-09) yoki mazkur aloqa kanallari orqali oʻz murojaatingizni yoʻllashingiz mumkin:
https://t.me/mmtv_anticorbot
https://uzedu.uz/uz/page/korrupsiyaga-qarshi-kurashish
https://vazir.uzedu.uz/
https://t.me/uzedu_vazirbot
info@uzedu.uz
Sizning ushbu murojaatlaringiz maxfiyligi kafolatlanadi hamda tasdiqlangan korrupsion holatlar boʻyicha keskin choralar koʻriladi.
Shu oʻrinda tizim xodimlaridan korrupsiya holatlarining har qanday koʻrinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda boʻlishga hamda oʻz xizmat vazifalarini halol va xolis bajarishga yana bir bor chaqirib qolaman.