O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi
- umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim sohasida o‘quvchilarning ma’naviy-axloqiy, intellektual va jismoniy rivojlanishi darajasini yanada yuksaltirishga yo‘naltirilgan yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish;
- maktabdan tashqari ta’limga bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim davlat ta’lim standartlari va davlat talablariga muvofiq umumta’lim muassasalari faoliyatini metodik boshqarishni amalga oshirish;
- o‘qituvchi kasbining maqomi va obro‘sini ko‘tarish, umumta’lim muassasalari xodimlari, shuningdek, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tizimi xodimlarining moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlash, ularning samarali mehnat faoliyati uchun munosib sharoitlar yaratish;
- o‘quv-tarbiya jarayoniga ta’limning innovatsion shakllarini, zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini, kasbiy yo‘naltirishning samarali uslublarini, o‘quvchilarning o‘quv, psixologik va jismoniy yuklamalari optimallashuvini inobatga olgan holda o‘qitish va tarbiyalashni joriy qilish;
- umumta’lim muassasalarida chet tilini o‘qitishning samaradorligini ta’minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
- mazmun va sifat jihatidan xalqaro talablarga javob beradigan, yangi pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda yangilangan o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq ishlab chiqilgan o‘quv va o‘quv-metodik adabiyotlarning yangi avlodi yaratilishi va nashr etilishini tashkil qilish;
- nodavlat ta’lim xizmatlari sektorini yanada rivojlantirish, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi sohasida davlat-xususiy sheriklik uchun qulay sharoitlar yaratish;
- pedagogik kadrlarni tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha ilg‘or va shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni joriy etish;
- «Mehribonlik» uylari faoliyatini takomillashtirish, ota-onalar qarovisiz qolgan bolalarning ijtimoiy-psixologik reabilitatsiyasini va huquqiy himoya qilinishini ta’minlash, ularning ijtimoiy-mehnat ko‘nikmalarini hosil qilishiga va jamiyatga uyg‘unlashuviga ko‘maklashish;
- umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari tomonidan davlat ta’lim standartlari va talablarining bajarilishining tizimli monitoringini olib borish;
- umumta’lim muassasalarining 10-11-sinflari o‘quvchilariga kasb-hunar ta’limini ta’minlash bo‘yicha faoliyatni muvofiqlashtirish;
- Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tizimidagi muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularning bino va inshootlaridan foydalanish bo‘yicha ishlar monitoringini olib borish va ushbu ishlarni muvofiqlashtirish.