2023-yilda majburiy attestatsiyaga jalb qilinishi kerak bo‘lgan pedagoglarning amaldagi malaka toifalari 2024-yilga qadar amal qiladi.
Xabaringiz bor, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi Oʼzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Farmoniga muvofiq, 2023-yil 1-yanvardan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish inspektsiyasi faoliyati tugatilib, uning tegishli vazifa va funksiyalari Maktabgacha va maktab taʼlim vazirligiga oʼtkazildi.
Shu munosabat bilan vazirlik tomonidan taʼlim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʼtkazish va malaka toifalari berish boʼyicha yangi shaffof va adolatli tizim ishlab chiqilib, 2024-yil 1-yanvardan boshlab davlat maktabgacha, umumiy oʼrta va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlariga malaka toifasini berishning yangi tartibi joriy qilinadi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, yangi tartib joriy etilgunga qadar 2023-yilda navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb qilinishi kerak boʼlgan pedagoglarning amaldagi malaka toifalari toʼgʼrisidagi sertifikatlarining amal qilish muddati navbatdagi attestatsiya tashkil qilingunga qadar uzaytiriladi.