Pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilish 45 mln soʼmgacha jarima bilan jazolanishi mumkin

27-mart 2023-yil
image

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga toʼsqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni koʼzda tutuvchi qonunni imzoladi.

Unga koʼra, pedagog xodimni mehnatga biron-bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlash uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarliklar kuchaytirilmoqda. Jumladan, umumiy holatda biror shaxsni majburiy mehnatga jalb etish 30 mln soʼmgacha (100 baravar) jarimaga sabab boʼlsa, endilikda pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilish 45 mln soʼmgacha (150 baravar) jarima bilan jazolanishi mumkin.

Jinoyat kodeksida ham pedagoglarga qarshi harakat uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilandi va jazo kuchaytirildi. Yaʼni pedagog xodimni mehnatga biron-bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlash uchun, agar xuddi shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʼllanilganidan keyin sodir etilgan boʼlsa, 45 mln soʼmdan 60 mln soʼmgacha jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi belgilandi.

Shuningdek, taʼlim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki oʼz xizmat vazifalarini bajarishiga toʼsqinlik qilish uchun ham maʼmuriy javobgarlik kuchaytirildi. Endilikda bu qilmish uchun fuqarolarga 2,1 mln soʼmdan 4,5 mln soʼmgacha jarima, mansabdor shaxslarga esa 3 mln soʼmdan 6 mln soʼmgacha jarima belgilanmoqda.

❗️Eʼtiborli jihati, ilgari pedagogning faoliyatiga noqonuniy aralashish uchun faqat jarima jazosi belgilangandi. Endilikda ushbu qilmishni takroran sodir etgan mansabdor shaxslarga 15 sutkagacha maʼmuriy qamoq belgilanishi mumkin.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu