Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni e’lon qilindi.
Unga ko‘ra ta’lim sifatini oshirish, sohani ilg‘or xorijiy tajriba asosida isloh qilish maqsadida joriy yilda tizim faoliyatga doir qator yangiliklar amaliyotga joriy etilmoqda.
Jumladan:
2023-yil 1-sentabrdan boshlab — har bir tuman (shahar)ning bittadan umumiy o‘rta ta’lim muassasasida o‘quvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatish amaliyoti bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.
2023/2024-o‘quv yilidan boshlab:
bosqichma-bosqich umumta’lim muassasalarida o‘quvchilarni umuminsoniy va milliy qadriyatlar, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda kommunikativ ko‘nikmalar, tanqidiy va kreativ fikrlash, jamoa bo‘lib ishlash, tadqiqotchilik kabi ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan ta’lim dasturlari amaliyotga kiritiladi.
Bunda umumta’lim muassasalarining 1-4-sinflarida o‘quvchilarni ilg‘or xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish;
5-9-sinflarda o‘quvchilarga umumta’lim fanlaridan tayanch bilimlar berish;
10-11-sinf o‘quvchilarining qiziqish va qobiliyatiga mos bo‘lgan ixtisoslashgan dasturlar asosida bilim berish amaliyoti joriy qilinadi.
2023/2024-o‘quv yilidan boshlab:
respublikaning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda ovqat turlari o‘quvchilarning yoshi va sog‘lig‘i holatiga ko‘ra me’yorlangan holda yetkazib berilishi hamda sanitariya talablariga javob berishi ta’minlanadi.
Shuningdek, Farmonda maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish borasida joriy yilda amalga oshirilishi belgilangan jarayonlar ham keltirib o‘tilgan.
Jumladan, 2023-yil 1-apreldan boshlab:
yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini ko‘p kvartirali uylarning noturar qavatlarida yoki yakka tartibda qurilgan uy-joylarni sotib olish va keyinchalik ularni ta’mirlash hamda jihozlash orqali tashkil etishga ruxsat etiladi;
davlat-xususiy sheriklik loyihasi doirasida ijaraga berilgan yer uchastkasida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini qurgan xususiy sherik tomonidan ushbu binoning mazkur loyiha uchun bank kreditlari bo‘yicha garovga qo‘yilishiga oid cheklovlar bekor qilinadi.