Xalqaro olimpiadalarda ishtirok etuvchi O‘zbekiston terma jamoasiga nomzodlar bilan kuchaytirilgan o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda

28-fevral 2023-yil
image

Bugun, 28-fevral kuni Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan nufuzli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etuvchi O‘zbekiston terma jamoasiga nomzodlar bilan o‘tkazilayotgan kuchaytirilgan o‘quv mashg‘ulotlari jarayonlariga bag‘ishlangan press-tur tadbiri tashkil etildi.

Taʼkidlash joizki, so‘nggi yillarda o‘quvchilarning xalqaro fan olimpiadalardagi ishtirokini yuqori darajada tashkil etish maqsadida qator ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan nufuzli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etuvchi O‘zbekiston terma jamoasiga nomzodlar bilan kuchaytirilgan o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.

Ayni vaqtda poytaxtimizda joylashgan Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda biologiya va kimyo fanlari, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida informatika va axborot texnologiyalari fanlari, Toshkent viloyati xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida matematika va fizika fanlari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18-19-fevral kunlari Toshkent viloyati xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida matematika, fizika, biologiya, kimyo fanlaridan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda informatika va axborot texnologiyalari fanidan nufuzli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etuvchi O‘zbekiston terma jamoasiga nomzodlarni saralashning II bosqichi o‘tkazildi.

Bunda fizika, matematika, kimyo, biologiya hamda informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan saralash olimpiadasining I bosqichida yuqori o‘rinlarni egallagan hamda 2022-2023 o‘quv yilida bo‘lib o‘tgan mintaqaviy xalqaro olimpiadalarda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar ishtirok etdi. Jumladan:

matematika fani bo‘yicha — 28 nafar;

informatika va axborot texnologiyalari, fizika, kimyo va fizika fanlari bo‘yicha jami 100 nafaR, umumiy hisobda 128 nafar ishtirokchi qatnashdi. Umumiy natijalarga ko‘ra, fizika, matematika, kimyo, biologiya hamda informatika va axborot texnologiyalari fanlari bo‘yicha 71 nafar o‘quvchi tanlab olindi.

Saralash olimpiadasining yakuniy — III bosqichi joriy yilning may oyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Ushbu saralash natijalariga ko‘ra, yakuniy 23 nafar o‘quvchi tanlab olinadi hamda ushbu yurtdoshlarimiz joriy yilda o‘tkaziladigan qator nufuzli xalqaro olimpiadalarda qatnashishi belgilangan.

Xususan, 2023-yilning:

3-12-iyul kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida o‘tkaziladigan xalqaro biologiya olimpiadasi;

16-25-iyul kunlari Shvetsariya davlatida o‘tkaziladigan xalqaro kimyo olimpiadasi;

2-13-iyul kunlari Yaponiyaning Chibo shahrida o‘tkaziladigan xalqaro matematika olimpiadasi;

28-avgust – 4-sentyabr kunlari Vengriya davlatida o‘tkaziladigan xalqaro informatika olimpiadasi;

iyul oyida Yaponiyaning Tokio shahrida o‘tkaziladigan xalqaro fizika olimpiadasida ushbu o‘quvchilar yurtimiz sharafini himoya qilishadi.

Hozirda xalqaro olimpiadalarda ishtirok etuvchi O‘zbekiston terma jamoasiga nomzod o‘quvchilarga oliy taʼlim o‘qituvchilari hamda o‘tgan vaqt davomida xalqaro olimpiadalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan mutaxassislar o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha bilim berishmoqda.

Bu yerda o‘quvchilarning mukammal tahsil olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, qulay yotoqxona va 3 mahal issiq ovqat bilan taʼminlangan.

Press-tur tadbirlari davomida ishtirokchilar tomonidan mavzuga doir berilgan turli savollarga mutasaddilar tomonidan atroflicha maʼlumot berib o‘tildi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu