Qadrli poytaxt ahli, hurmatli ota-onalar!
Hozirgi kunda jonajon O‘zbekistonimiz buyuk o‘zgarishlar jarayonini boshidan kechirmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar hayotimizning barcha soha va tarmoqlariga yangilanish va yuksalish nafasini olib kirmoqda. Eng muhimi, xalqimizning o‘z kuchiga, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi tobora ortib bormoqda.
Bugungi murakkab va shiddatli davrning o‘zi oldimizga qanday o‘tkir va dolzarb muammolarni qo‘yayotganini barchamiz ko‘rib-bilib turibmiz. Ayniqsa, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsad yo‘lida dadil ilgarilab borayotgan Yangi O‘zbekistonda ta’lim tizimi oldida mislsiz vazifalar paydo bo‘lmoqda. Chunki biz intilayotgan buyuk maqsadlarni amalga oshirish uchun avvalo yuksak professional kadrlar — o‘z ishining chinakam ustalari, har qanday sharoitda ham el-yurtimizga sadoqatli va jonkuyar insonlar kerak.
Bu vazifani amalga oshirishda sifatli ta’lim va tarbiya biz uchun suv bilan havodek zarur. Bugun ushbu masala mamlakatimiz taqdiri va kelajagini, barchamizning hayot-mamotimizni belgilaydigan eng mas’uliyatli va sharafli ishga aylanmoqda.
Shuning uchun ham hurmatli Prezidentimiz Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida 2023 yilni mamlakatimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qildilar.
Biz — o‘z hayotini yosh avlod tarbiyasiga bag‘ishlagan o‘qituvchi va murabbiylar buni ta’lim va tarbiya sohasiga berilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir amaliy ifodasi sifatida qabul qilmoqdamiz.
Kuni kecha poytaxtimizda ustoz va murabbiylar bilan o‘tkazilgan samimiy va ochiq muloqotda zimmamizdagi vazifalarni yanada chuqur his etdik.
Ayniqsa, davlatimiz rahbarining muallim va murabbiylarning mavqeini ko‘tarish, o‘qituvchilik maqomini Konstitusiyamizda mustahkamlash haqidagi fikrlari kuchimizga — kuch, g‘ayratimizga — g‘ayrat qo‘shdi. O‘zbekiston muallim va murabbiylari hech qachon bunday yuksak e’tiborga, qulay sharoitlarga ega bo‘lmagan.
Toshkent shahrining o‘zida so‘nggi yillarda ko‘plab maktablar butunlay yangicha qiyofaga ega bo‘ldi. Pedagoglar faoliyati uchun yangi-yangi imkoniyat va sharoitlar yaratilmoqda. Kelgusi o‘quv yilidan barcha maktablarda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqatlantirishni yo‘lga qo‘yish tashabbusi ham inson qadrini ulug‘lash avvalo maktabdan, ta’lim tizimidan boshlanayotganini ko‘rsatadi.
Bunday ulkan ijobiy o‘zgarishlar butun mamlakatimizni qamrab olmoqda.
Dunyoda chuqur inqiroz davom etayotgan o‘ta murakkab bir davrda ta’lim sohasi uchun bunday katta mablag‘lar ajratish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, albatta. Lekin, qanchalik qiyin bo‘lmasin, Prezidentimiz xalqimiz, farzandlarimizning taqdiri va kelajagini o‘ylab, soha rivoji uchun barcha imkoniyatlarni yaratib bermoqda.
Biz — pedagog xodimlar bunday g‘amxo‘rlikka javoban bebaho boyligimiz bo‘lgan har bir bolani — bu mening bolam, deb Yangi O‘zbekiston bunyodkori etib tarbiyalashga bor bilim va salohiyatimiz, kuch-g‘ayratimizni safarbar etishga tayyormiz.
Aziz ota-onalar!
Barchamiz yaxshi tushunamizki, ta’lim-tarbiya sifatini oshirish, farzandlarimizning maktabda kamida ikkita chet tilini, kompyuter va kasb-hunar asoslarini o‘rganib chiqishini ta’minlash barchamizdan birgalikda harakat qilishni talab etadi. Ayniqsa, bolalarimiz uchun kelgusi hayot yo‘lini tanlashda 11-sinfdagi shakllanish davri muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Hech shubhasiz, bu borada ustozlar bilan birga ota-onalarning ham burchi va vazifasi muhim ekanini unutmasligimiz zarur. Muqaddas islom dinimizda ham farzandga yaxshi ta’lim va tarbiya berish ota-onaning birinchi galdagi vazifasi ekani alohida ta’kidlangani albatta bejiz emas.
Shuning uchun ham ota-onalar va o‘qituvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishimiz lozim. Kelgusida yangi avlod tarbiyachisi bo‘ladigan qizlarimizni zamonaviy bilim va hunarlarni egallagan, dunyoqarashi keng insonlar etib tarbiyalash eng muhim vazifalarimizdan biri bo‘lishi kerak.
Bir so‘z bilan aytganda, inson qalbi va ongi, avvalo, farzandlarimiz hayotiga nisbatan xavf-xatarlar tobora kuchayib borayotgan hozirgi tahlikali zamonda navqiron avlodimiz ta’lim-tarbiyasiga bir lahza ham loqayd qarashga mutlaqo haqqimiz yo‘q.