Bugun poytaxtimizdagi “Tomosha” bolalar teatr studiyasida “Prezident archasi” tadbirining asosiy tantanalari boshlandi.
Unda Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qarovisiz qolgan, ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan harbiy xizmatchilarning bolalari, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari ishtirok etdi.
Bolajonlarimizning Yangi yil bayramida munosib dam olishlari uchun “Tomosha” bolalar teatr-studiyasi tomonidan sahnalashtirilgan “Yangibekning orzusi” nomli teatr tomoshasi ishtirokchi o‘g‘il-qizlarda katta taassurot uyg‘otdi. Shuningdek, el sevgan san’atkorlar ishtirokidagi teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari bayram tadbiriga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Aytish lozimki, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan mahalliy hokimliklari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar taqdim etilgan ro‘yxatlar asosida 3-15 yoshdagi 9 873 nafar o‘g‘il-qizlarning ro‘yxati shakllantirildi. Ushbu bolalarga 10,2 mlrd. so‘mlik homiylik mablag‘lari hisobidan “Prezident sovg‘asi” tayyorlandi hamda joylarga yetkazildi.
“Prezident sovg‘asi” tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bolalarga yo‘llangan Yangi yil bayrami tabrigi, 14 turdagi shirinliklar, rasm daftari, rangli qalamlar to‘plami, sovg‘alar solinadigan qop, ryukzak, kitoblar to‘plami, shaxmat, shuningdek, Mehribonlik uylari, SOS bolalar mahallalari va Oilaviy bolalar uylarining 12-18 yoshli tarbiyalanuvchilari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bolalarga yo‘llangan Yangi yil bayrami tabrigi, sovg‘alar solinadigan qop, ryukzak, elektron kitob, termos, shaxmat kiritilgan.
2022-yil 20-25-dekabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlarga “Uzbekistan Airways” AJ samolyotlari hamda “Ta’minot va logistika xizmati” davlat unitar korxonasi avtortransportlari orqali 7 851 dona “Prezident sovg‘asi” yetkazildi.
Joriy yilning 29-30-dekabr kunlari viloyat hokimliklari, sektor rahbarlari va xalq ta’limi boshqarmalari tomonidan respublikaning barcha hududlarida “Prezident archasi” tadbirlari tashkil qilinadi hamda bolalarga “Prezident sovg‘asi” tarqatilishi rejalashtirilgan.
Ma’lum sabablarga ko‘ra bayram tadbirlariga kela olmagan bolalar uchun sovg‘alar hokimlik, sektorlar vakillari, milliy gvardiya va xalq ta’limi vakillari tomonidan ularning uylariga borgan holda tantanali tarzda topshiriladi.
Hududlarda bo‘lib o‘tadigan “Prezident archasi” tadbirlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda boshqa tegishli tashkilotlar tomonidan zarur ehtiyot choralari ko‘rilgan.
Mazkur bayram dasturi O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Bolajon” va “Aqlvoy” telekanallari tomonidan bayram kunlari tashkil etiladigan Yangi yil telemarafoni doirasida namoyish etiladi.
“Tomosha” bolalar teatr studiyasi o‘tkazilayotgan “Prezident archasi” tadbirining takroriy seanslari joriy yilning 30-dekabr kuni soat 10:30 va 13:30 larda bo‘lib o‘tadi.
Tadbir so‘nggida ishtirokchi bolajonlarga “Prezident sovg‘asi” taqdim etildi.