Bugun Toshkent viloyati, Quyi Chirchiq tumanidagi 45-STEM fanlariga ixtisoslashgan maktabda “Ta’lim tizimida Axborot texnologiyalarini tutgan o‘rni hamda o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun Milliy ta’lim resurslaridan foydalanish” mavzusida o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Unda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘quvchi-yoshlar uchun ishlab chiqilgan milliy segmentdagi elektron kontentlar va resurslarni yanada ommalashtirish, o‘qituvchilarga metodik yordam ko‘rsatishning zarur jihatlariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Qayd etilganidek, har bir sohada raqamlashtirish jarayoni jadal rivojlanib borayotgan bugungi kunda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan umumta’lim maktablari o‘qituvchi va o‘quvchilari uchun qator elektron platformalari va milliy ta’lim resurslari yaratilmoqda.
Shu bilan birga informatika fani o‘qituvchilarining xalqaro IT platformalari orqali onlayn o‘qishi hamda maxsus sertifikatlarga ega bo‘lishi uchun zarur ishlar amalga oshirilmoqda.
Tadbirda aytilganidek, viloyat tasarrufidagi mavjud ta’lim muassasalarida jami 1 159 nafar informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilari faoliyat yuritib, shundan 59 nafari oliy toifali, 134 nafari birinchi toifali, 277 nafari ikkinchi toifali va 689 nafari mutaxassis o‘qituvchilardir.
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Elektron Milliy ta’lim resurslaridan foydalanishni keng targ‘ib qilish maqsadida 2022/2023-o‘quv yilining I choragi davomida Toshkent viloyatidagi umumtalim maktablarida mavzuga doir qator seminar-treninglar tashkil etildi.
2022-yilning o‘tgan davri mobaynida viloyatdagi informatika fani o‘qituvchilari COUSERA va GOOGLE FOR EDUCATION platformalari orqali 200 dan ortiq maxsus sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.
Seminarda elektron ta’lim platformalarining afzalliklari xususida ishtirokchilarga atroflicha ma’lumot berib o‘tildi. Ta’kidlanganidek, elektron ta’lim resurslari yordamida tashkil etilayotgan darslarda o‘quvchilar ma’lumotlarni nafaqat eshitish, balki ko‘rish sezgilari orqali ham qabul qiladi. Bu esa ma’lumotlarning g‘oya va mazmunini chuqur anglab yetishlarida katta samara beradi.
O‘quv-seminar so‘nggida aytilganidek, o‘quvchilarning IT yo‘nalishidagi bilimlarini oshirishda mazkur platforma va dasturlarning o‘rni katta va muhimdir.