Buxoro shahridagi 38-umumta’lim maktabi joriy yilda Milliy reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha mamlakatimizdagi umumta’lim maktablari orasida 2-o‘rinni qayd etdi. Albatta, o‘n mingta maktab ichida peshqadam bo‘lishning o‘z mashaqqati bor. Yuqori natijalarni qo‘lga kiritishda ushbu ta’lim muassasasida 11 yildan buyon direktorlik qilib kelayotgan mohir pedagog va rahbar Dilorom Jo‘rayevaning o‘z tajribasi bor.
Mazkur maktabda ibrat olsa arzirli bir an’ana bor. Har bir fan o‘qituvchisiga 5-sinfdan dars ajratiladi va to 11-sinfga qadar u aynan shu sinfga dars o‘tadi. Bu o‘qituvchilarning mas’uliyatini, o‘quvchilarning bilim sifatiga bo‘lgan javobgarligini oshiradi. O‘quvchining o‘zlashtirishida bo‘shliqlarning yuzaga kelish holatlari oldi olinadi.
Natijada maktab o‘quvchilari har yili fan olimpiadalari va turli tanlovlarda yuqori natijalarni qayd etib kelishmoqda. Har yili bitiruvchilarning 75-80 foizi qo‘shimcha repetitorlik kurslariga qatnamay turib, oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kiradi, o‘quvchilarning 80 foizi, IELTS sertifikatlarini qo‘lga kiritadi.
- Pedagogik faoliyatim davomida shu narsaga guvoh bo‘ldimki, o‘quvchiga qancha katta talab qo‘ysang, shuncha yuqori natijaga erishasan, - deydi Buxoro shahridagi 38-umumta’lim maktabi direktori Dilorom Jo‘rayeva. - Ba’zilar “o‘quv dasturida belgilangan talablardan ortiqchasi bolani zo‘riqtirib qo‘yadi-ku” deya e’tiroz ham bildirishgan. Biroq bu e’tiroz noo‘rin. Bolaga oz-ozdan qo‘shimcha vazifalar berib borish, uning imkoniyatlarini kengaytiradi, o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshiradi. Masalan, 1-sinf o‘quvchilariga har chorakda o‘quv dasturiga qo‘shimcha ravishda ingliz tilidan 100 ta so‘z yodlash talabi qo‘yiladi. Bu so‘zlar sodda va kundalik hayotda ko‘p ishlatiladigan so‘zlardan tarkib topgan bo‘lib, chorak oxirida o‘zim har bir boladan imtihon olaman. 2-sinfdan esa rus tili fani yo‘nalishida xuddi shunday talab qo‘yiladi. Bizda 1-sinfning 2-choragida o‘quvchilar matematikadan yuz ichida qo‘shib-ayirish amalini hech qiynalmay bajarishadi.
Tajribali direktor tajribasiga tayangan holda 2021-2022-o‘quv yilida mazkur maktab o‘quvchilarining 56 nafari maktabda olgan bilimi bilan IELTS sertifikatini qo‘lga kiritdi. 12 nafar bitiruvchi muddatidan oldin talaba bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 11-sinfni tamomlagan 107 nafar o‘quvchilarning 20 nafari davlat granti, 74 nafari shartnoma asosida oliy o‘quv yurtlariga qabul qilindi.
Bu kabi ulkan muvaffaqiyatga erishishda direktor, eng avvalo, pedagogik jamoani to‘g‘ri shakllantirishga e’tibor qaratadi. Jamoaga har bir o‘qituvchi sinov asosida qabul qilinadi. Fan metodbirlashmalari tomonidan tuzilgan test, yozma ish va insho topshiriqlari orqali ularning bilimi, pedagogik mahorati tekshiriladi. Chunki o‘quvchining bilimi - o‘qituvchining salohiyatiga bog‘liq. Sinovlarda yuqori natija ko‘rsata olgan nomzodlargina jamoa safidan o‘rin oladi. Faoliyati davomida ulardan o‘z ustida doimiy izlanish, mahorati va malakasini oshirib borish, o‘quvchilarining o‘zlashtirishida natija ko‘rsatish talabi qo‘yiladi. Ayni paytda mazkur maktabda 1615 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ta’lim-tarbiya jarayonini 74 nafar pedagog olib boradi. Jamoadagi o‘qituvchilarning 13 nafari oliy, 36 nafari 1-, 14 nafari 2-malaka toifasiga ega. 10 nafar ingliz tili fani o‘qituvchilari, 5 nafar rus tili fani o‘qituvchilari S1 darajadagi sertifikatlarga ega.
Ta’lim-tarbiyada “Bola boshdan” degan naqlga qat’iy amal qilish talab etiladi. Jamoada bunga alohida ahamiyat qaratiladi. O‘quvchi 1-sinfga kelgani hamonoq, uning zimmasidagi mas’uliyatni teran anglab olish, majburiyatlarini chuqur his qilishiga yordam beriladi. Eng avvalo, o‘quvchi qalbida o‘qishga, o‘rganishga istak uyg‘otiladi. Mas’uliyatni his etib boshlagach, unga asta-sekinlik bilan har bir fan yo‘nalishida qo‘shimcha talablar qo‘yila boshlanadi.
O‘qitishda – o‘quvchining tarbiyasi ham muhim sanaladi. Chunki oq-qorani, yaxshi-yomonni ajrata olgan olgan o‘quvchi o‘z hatti-harakatlarini tartibga sola oladi, atrofidagi voqealarga nisbatan to‘g‘ri baho beradi va munosib javob qaytara oladi. Ta’lim va tarbiyani bir-biriga hamohang tarzda olib borayotgan maktab rahbari bugun o‘quvchilari ortidan faqat rahmat eshitmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, Dilorom Jo‘rayevaning direktorlik faoliyati davomida qo‘llayotgan usuli va tajribasi nafaqat maktab va pedagogik jamoa, balki o‘quvchilarini ham yuqori marralar sari yetaklamoqda.