Xalq ta’limi vaziri II Istanbul ta’lim sammiti doirasida Turkiya maktablari faoliyati bilan tanishdi

7-noyabr 2022-yil
image

Avval xabar berilganidek, Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov II Istanbul ta’lim sammitida ishtirok etdi.

Istanbul ta’lim sammiti doirasida vazir Turkiyaning davlat umumta’lim muassasalarida ta’lim sifati, moddiy-texnik ta’minoti va boshqaruv tizimini o‘rganish maqsadida Istanbul shahridagi Professor Jamil Toshchi-o‘g‘li nomidagi umumta’lim maktabiga borib, maktab jamoasi bilan muloqotda bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, Turkiyada ta’lim tizimi xodimlari davlat xizmatchisi maqomiga ega. Yosh pedagog kadrlarni maktabga qabul qilish tizimi esa “qattiq siyosat” yondashuvi asosida amalga oshirilishi ma’lum qilindi. Ya’ni, Turkiyada maktab o‘qituvchisi bo‘lish uchun pedagogik oliy ta’lim muassasasini bitirgach bir yil davomida amaliyot o‘tashi hamda davlat tomonidan tashkil etilgan maxsus “Davlat xizmatchisini tanlash imtihoni”dan muvaffaqiyatli o‘tib sertifikatga ega bo‘lish talab etiladi.

Maktab direktorining so‘zlariga ko‘ra universitetni bitirgach yosh pedagoglar o‘z ish faoliyatini birinchi bo‘lib chekka va qishloq joylarda joylashgan maktablardan boshlashadi. Reytingi baland nufuzli davlat maktabida ishlash uchun esa kamida 10 yillik ish staji talab etiladi.

Mana shu jarayonlarni tashkil etish Turkiya Milliy ta’lim vazirligi tomonidan o‘qituvchilar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi yagona elektron tizim (platforma) yaratilgan.

Shundan so‘ng Baxtiyor Saidov Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan Turkan Sabanci ko‘zi ojizlar maktabiga bordi. Unda maktabda bolalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishilib, o‘quv dasturlari, imkoniyati cheklangan bolalarga jismoniy tarbiya darsini o‘tkazish tajribasi o‘rganildi, o‘qituvchilar tarkibi hamda ko‘zi ojiz o‘quvchilar bilan suhbat qilindi. Brayl yozuvi asosida o‘qitish metodikasi hamda moddiy-texnik bazasi haqida ma’lumot olindi.

Maktab ma’muriyati Brayl yozuvi mavzusida o‘zbekistonlik ekspertlar uchun maxsus o‘quvlarni tashkil etib berish, ular bilan hamkorlikda ishlash hamda tajriba almashishga kelishib olindi.

Ma’lumot uchun: Turkiya Respublikasida majburiy ta’lim 12 yil bo‘lib, o‘qish boshlang‘ich maktabda 4 yil (1-4-sinflar), o‘rta maktabda 4 yil (5-8-sinflar) va yuqori maktab yoki litseylarda 4 yil (9-12-sinflar) davom etadi. Jami maktablar soni 56 259 ta, o‘quvchilar soni 19 155 571 nafar, o‘qituvchilar soni 1 139 673 nafarni tashkil etadi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu