Masofaviy ta’lim bo‘yicha “Leader online” tajriba-sinovdan o‘tkaziladi

4-noyabr 2022-yil
image

Dunyo ta’lim standartlari va amaliy tajribasidan ma’lumki, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda internet tarmog‘i imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda masofaviy ta’limni hayotga joriy etish ota-onalar va o‘quvchilar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilinmoqda.

Mazkur amaliyotni yurtimiz umumta’lim maktablari o‘quvchilarining ta’lim olish jarayonlariga ham bosqichma bosqich joriy etib borish maqsadida masofaviy ta’lim shakli — “Leader online” dasturi tajriba-sinov jarayonlari o‘tkazilmoqda.

Masofaviy ta’limda kimlar tahsil olishi mumkin?

Xalq ta’limi vazirligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va O‘zbekiston nodavlat ta’lim tashkilotlari uyushmasi hamkorligida 2022-2023-o‘quv yilining ikkinchi choragidan boshlab o‘tkaziladigan mazkur masofaviy ta’lim jarayonida Toshkent shahar maktablarida tahsil olayotgan 60 nafar 7-sinf o‘quvchilari ota-onalar va o‘quvchilarning o‘z ixtiyoriga asosan saralab olinadi.

Bunda umumta’lim maktablari ma’muriyati tomonidan o‘quvchilarning ota-onalari bilan anketa-so‘rovnomalari o‘kaziladi hamda uning natijalariga ko‘ra talabgor o‘quvchilar ro‘yxati shakllantiriladi. “Onlayn maktab”da o‘qitish bo‘yicha barcha jarayonlar Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi hamda tuman xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan nazorat qilib boriladi.

Tanlov jarayonlari qanday tashkil etiladi?

O‘quvchilarni saralash jarayoni 2022-yil 5-noyabr kuni o‘tkaziladi. Unda masofaviy ta’lim jarayonlariga jalb etilgan o‘quvchilarning dastlabki bilim darajasini aniqlash va o‘zlashtirish jarayonlarini monitoring qilib borish maqsadida boshlang‘ich sinov (kirish testi) o‘tkaziladi.

Sinov natijalariga ko‘ra, masofaviy ta’lim olishga mo‘ljallangan har biri 30 nafar, jami 60 nafar o‘quvchidan iborat, ta’lim o‘zbek va rus tillarida olib boriladigan 2 ta sinf tashkil etiladi.

O‘quvchilar umumiy sonining 10 foizidan oshmagan qismi nogironligi tufayli uyda yakka tartibda tahsil olayotgan o‘quvchilar, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari hamda “Ayollar daftari”, “Temir daftar”da ro‘yxatga qo‘yilgan kam ta’minlangan oila farzandlari (bepul) tomonidan shakllantiriladi.

Yuqoridagi shartlar asosida tanlab olingan o‘quvchilarga “Lider bolalar maktabi” nodavlat ta’lim muassasasida masofaviy bepul ta’lim beriladi.

Masofaviy ta’lim qay tartibda olib boriladi?

Masofaviy ta’lim jarayonlarini tashkil etish maqsadida “Lider bolalar maktabi” nodavlat ta’lim muassasasida xorijiy hamkorlar bilan birgalikda “Online maktab” platformasi yaratilgan.

Masofaviy ta’lim jarayonida ishtirok etadigan o‘quvchilar mazkur platformada yuritiladigan maktabning o‘quvchilar kontingentiga olinadi.

Ushbu platformada umumta’lim maktablarining 7-sinflari uchun davlat dasturi doirasidagi barcha fanlar bo‘yicha onlayn dars materiallari jamlangan. Platformadagi har bir videodars davomiyligi 9 daqiqagacha davom etadi.

O‘quv jarayonlari O‘zbekistonda belgilangan o‘quv dasturlari, o‘quv reja va darsliklar asosida, sinxron (onlayn) va asixron (platformada mustaqil o‘rganish) tartibida tashkil etiladi.

Masofadan o‘qitish jarayonlarida o‘quv dasturlarini ekranda o‘rganayotgan o‘quvchilarga har 20 daqiqadan so‘ng tanaffus beriladi.

Masofaviy ta’limga biriktirilgan pedagoglar o‘zlashtirishdan orqada qolayotgan o‘quvchilar bilan individual (yakka tartibda) ish olib boradi.

Mazkur tajriba-sinov yakunlari bo‘yicha kelgusida umumiy o‘rta ta’lim bosqichida masofaviy ta’lim shaklini joriy etish bo‘yicha zarur takliflar tayyorlanadi.

O‘quvchilarni baholash va ta’tillar

O‘quvchilarning fanlarni o‘zlashtirib borish ko‘rsatkichlari test, ijodiy va boshqa turdagi topshiriqlardan olgan 1 dan 5 gacha bo‘lgan ball tizimida olib boriladi. O‘quvchilarning baholash yakunlari sinf jurnallarida qayd etiladi.

Masofadan o‘qitishda o‘quv yili davomida kuzgi, qishki, bahorgi va yozgi ta’tillar ham ko‘zda tutilgan. Bu davrlarda o‘quv platformasiga kirish imkoniyati saqlanib qoladi hamda ta’til davrlarida qo‘shimcha darslar yoki o‘quvchilar bilan offlayn uchrashuvlar o‘tkazilishi mumkin.

Ota-onalarning vazifalari qanday?

Masofaviy ta’limga biriktirilgan o‘quvchilarning ota-onalari farzandlarining masofadan ta’lim olishlari uchun yetarli shart-sharoitlar yaratib berishi, imkon qadar o‘tkazilayotgan videodarslarni kuzatib borishi lozim.

Shuningdek, farzandlarining berilgan uy vazifalarini bajarishini nazorat qilib borishlari va maktab ma’muriyati hamda o‘qituvchilar bilan doimiy aloqada bo‘lib borishlari zarur.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu