Bugun, 27-oktabr kuni Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi hamda viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari boshliqlari ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi.
Xususan, kun davomida Namangan, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Xorazm, Toshkent viloyati hamda Toshkent shahri bo‘yicha murojaatlar qabul qilindi. Sayyor qabul davomida jami 74 ta masalada murojaat kelib tushdi. Qabul natijasiga ko‘ra 31 ta murojaat joyida ijobiy hal etildi. Qolgan 28 ta muammo bo‘yicha fuqarolarga huquqiy tushuntirish berildi. 15 ta shikoyat tezkorlik bilan o‘rganilishi yuzasidan mas’ullarga ko‘rsatma berildi.
Jumladan, Namangan viloyati boshqarma boshlig‘i Muzaffar Isayev rahbarligida maktabga qo‘shimcha bino hamda sportzal qurish, ishga qabul qilish, qo‘shimcha dars soatlarini qo‘shib berish bilan bog‘liq murojaatlar tezkorlik bilan ko‘rib chiqildi.
Qashqadaryo viloyati boshqarma boshlig‘i To‘lqin Karimov rahbarligida ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan sayyor qabul jarayonida fuqarolar hamda xalq ta’limi xodimlarining tizimga oid murojaat, taklif, shikoyatlari tinglanib, muammolar bartaraf etildi.
Xorazm viloyati boshqarma boshlig‘i Xamro Bektemirov rahbarligida o‘tkazilgan jonli muloqotlar davomida ta’lim sohasidagi dolzarb masalalar o‘rganilib, ularni ijobiy hal etish choralari ko‘rildi.
Toshkent viloyati boshqarma boshlig‘i Azamat Kamolov tomonidan ta’lim tizimida yuzaga kelgan muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berildi.
Toshkent shahar bosh boshqarmasi boshlig‘i Nilufar Husanboyeva ishtirokidagi qabul jarayonida tizimga oid muammolar tinglanib, fuqarolar tomonidan bayon etilgan muammolar oz fursatda bartaraf etilishi belgilandi.
Buxoro viloyati boshqarma boshlig‘i Dilfuza Mustafoyeva, Navoiy viloyati boshqarma boshlig‘i Marat Shomuratov, Surxondaryo viloyati boshqarma boshlig‘i Suluv Hamidova ishtirokidagi qabullar davomida xalq ta’limi sohasida to‘planib qolgan muammolar, pedagoglarni ish bilan ta’minlash borasidagi savollar tinglandi. Fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga javob oldi.
Sayyor qabul bugun respublikamiz bo‘yicha jami 8 ta hududda o‘tkazildi.
Ertaga 28-oktabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Andijon, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarida qabul davom etadi.