Bugun Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov tomonidan videokonferensaloqa orqali hududiy xalq ta’limi bo‘linmalari rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda ta’lim sifati va mazmuni, o‘quv muassasalarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, rahbarlarning mas’uliyati, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash masalalari muhokama etildi.
Jumladan, maktablarda ta’lim sifatini oshirish, darsliklarni yetkazib berish, yangi maktab binolarini qurish va ularni zarur o‘quv jihozlari bilan ta’minlash doirasidagi qilinayotgan ishlar tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Maktablarda yillar davomida yig‘ilib qolgan talaygina muammolar borligi, ta’lim sifati, maktablar infratuzilmasini yaxshilash, rahbarlarning mas’uliyati va o‘qituvchilarning malakasini oshirish bo‘yicha oldimizda qilinishi lozim bo‘lgan juda ko‘p ishlar borligi, ularni faqatgina bahamjihat, mahalliy hokimliklar ko‘magida hal etish mumkinligi, rahbarlardan esa joylarda mavjud muammolarni hal etishda sabr, matonat va shijoat talab qilinishi, vazirlikdagi xodimlardan tortib, maktab direktoriga qadar qilayotgan ishining mag‘zini chaqishi lozimligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan bugun barcha qilinayotgan ishlar faqat xalqimizni rozi qilishga qaratilgani, shu bois, barcha rahbarlar o‘z ishiga yondashuvini tubdan o‘zgartirishi kerakligi aytib o‘tildi.
Ta’lim sifati va mazmunini oshirish soha oldida turgan eng muhim vazifadir
Aytish joizki, vazirlik Ishchi guruhi tomonidan so‘nggi kunlarda qator hududlarda olib borilgan o‘rganishlar joylarda ta’lim sifatini oshirish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish lozimligini ko‘rsatdi.
Ta’lim sifati va mazmunini oshirish tizim mas’ullari oldida turgan eng muhim vazifa ekanligi ta’kidlanar ekan, har bir harakatimiz farzandlarimizning ertangi kunini yanada farovon bo‘lishini ta’minlashga qaratilishi, bunda birinchi navbatda o‘quvchilarning sifatli va zamonaviy bilim olishlariga katta e’tibor berish zarurligi mas’ullar oldiga jiddiy vazifalarni qo‘yadi.
Xalq ta’limi tizimida ish olib borayotgan har bir rahbar xodim jamiyatning eng ziyoli qatlamiga mas’ul kishi sifatida mehnat qilishi, o‘ziga belgilab berilgan vazifalarni bajarishda ushbu hayotiy mezon asosida yondashishi maqsadga muvofiqligini qayd etildi.
Qisqa muddatda barcha maktablar zarur darsliklar bilan ta’minlanadi
Hududlarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullar davomida aholi tomonidan sohaga oid qator muammolar ko‘tarilayotganligi va bu tegishli mas’ullar tomonidan qat’iy nazoratga olinishi lozimligi ta’kidlandi.
Jumladan, respublikada qayd etilgan 519 ta ta’lim sifati past maktablardagi mavjud muammolarni atroflicha o‘rganish va hal etishda aniq metodologik va amaliy ishlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Vazirlik tasarrufidagi “O‘quv-ta’lim-ta’minot” hamda “Transport va logistika” Davlat unitar korxonalari oldiga yangi yaratilgan o‘quv darsliklari yetib bormagan maktablarni qisqa muddatda zarur darsliklar bilan ta’minlash bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.
Oktabr oyi so‘nggiga qadar qurilishi yakunlangan maktablarga o‘quv jihozlari yetkazib beriladi
Qurilish-ta’mirlash ishlariga to‘xtalar ekan, bugungi kunga qadar mazkur turdagi maktablarning 297 tasiga zarur o‘quv jihozlari to‘liq yetkazib berilgani, joriy yil oktabr oyining so‘nggiga qadar ushbu ishni to‘liq va sifatli yakuniga yetkazish talabi qo‘yildi.
Maktablarda kuz-qish mavsumini samarali tashkil etish bo‘yicha maxsus shtablar tashkil etiladi
Yig‘ilishda ko‘zda tutilgan asosiy masala sifatida maktablarni kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati bo‘yicha mas’ullarning mavjud holat bo‘yicha hisobotlari tinglandi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizdagi mavjud 10 104 ta umumta’lim maktabining 7 111 tasi ko‘mir yoqilg‘isi yordamida, qolganlari tabiiy gaz, suyuq yoqilg‘i hamda elektr energiyasi bilan isitiladi. Hozirda ko‘mir yoqilg‘isi bilan isitiladigan maktablarga to‘liq ravishda ko‘mir mahsulotlari yetkazib berilgan.
Ammo tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda joylardagi qator maktablarda o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida ko‘mir mahsulotlarini saqlash, isitish qozonlarining yaroqlilik holati talab darajasida emasligi tanqid ostiga olindi. Shuningdek, tabiiy gaz, ko‘mir, suyuq yoqilg‘i hamda elektr energiyasi yordamida isitiladigan maktablarning isitish tizimini qaytadan tahlil qilib chiqish bo‘yicha hududiy boshqarmalar qoshida maxsus Shtablar, soha xodimlari va fuqarolarning bu boradagi murojaatlarini qabul qilishga mo‘ljallangan “Call-markaz”lar tashkil etilishi lozimligi ta’kidlandi.
Maktablarga quyosh elektr panellari o‘rnatiladi
Xabaringiz bor, 2022 yil 10 iyun kuni Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida umumta’lim maktablarga quyosh elektr panellarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Mazkur tashabbus natijasida maktablarning elektr energiyasi sarfini sezilarli darajada kamaytirishi va maktab binolarini uzluksiz elektr energiya bilan ta’minlashda katta xizmati qilishi aytib o‘tildi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasida faol ishtirok etgan o‘qituvchi va o‘quvchilar rag‘batlantiriladi
Shu kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab e’lon qilingan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ham atroflicha to‘xtalib o‘tildi.
Qayd etilganidek, belgilangan mazkur “dolzarb 40 kunlik” doirasida respublikadagi barcha umumta’lim maktablari hududida jami 2 milliondan ortiq daraxt ko‘chatlari ekilishi rejalashtirilgan.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida maktablarda maxsus aksiya e’lon qilish va bunda faollik ko‘rsatgan o‘qituvchi va o‘quvchilarni taqdirlash tashabbusini ilgari surdi.
Respublika bo‘ylab hududiy xalq ta’limi rahbarlari ishtirokida sayyor qabullar o‘tkaziladi
“Biz bugun inson taqdiri, uning huquq va manfaatlari eng ustuvor yo‘nalish bo‘lgan davlat siyosatini olib bormoqdamiz. Shunday ekan, sohaga doir har bir fuqaro murojaati qonuniy tarzda o‘rganilishi va hal etilishi lozim. Shu maqsadda, mazkur hafta so‘nggiga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi hamda viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari boshliqlari ishtirokida sayyor qabullar tashkil etishingiz so‘raladi. Yana bir bor ta’kidlayman, sohada faoliyat yuritayotgan har bir rahbar farzandlarimizning munosib sharoitlarda ta’lim olishlari uchun shijoat bilan harakat qilishi talab etiladi”, — deya so‘zini yakunladi vazir.