Bugun Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti talabalari bilan uchrashdi. Uchrashuvda universitet rektori Abdugʻaffor Qirgʻizboyev, taʼlim dargohi oʻqituvchilari va boʻlgʻusi pedagog talabalar ishtirok etdi.
Ochiq muloqot tarzida oʻtgan uchrashuv davomida vazir boʻlgʻusi pedagoglarning taʼlim tizimini rivojlantirish bilan bogʻliq takliflarini tinglab, fikr almashdi.
“Mening farzandlarimni kim tarbiyalayapti, ularga kim bilim beryapti degan savol Prezidentimizni qiynayapti. Shu sababdan bugun men oldinglarga qalbida oʻti bor kadrlarni izlab, fikrlaringni eshitish uchun keldim. Faoliyatimizni muvaffaqiyatli tashkil qilishda sizlarning malakali va salohiyatli hamda xaridorgir kadr boʻlib yetishishinglar juda muhim. Pedagogika universiteti kadrlari savodsiz boʻlsa bu jamiyatga kelajakka xiyonat boʻladi. Oʻtmishda qilingan ishlardan xulosa qilib, kelajakka qarash kerak. Kelajakni qurishning asosiy poydevori bu sizlar, yaʼni pedagoglar”, — deydi vazir.
Talabalardan biri nima sababdan bugun maktab oʻquvchilari repetitorsiz Oliy taʼlim muassasaga kira olmayapti degan savoliga, vazir shunday javob berdi:
“Aynan shu sababdan bugun men shu yerdaman, shuni sizlardan soʻragani keldim. Farzandlarimizning ertaga maktab taʼlimining oʻzi bilan kifoyalanib, talaba boʻlishlari siz boʻlgʻusi pedagoglarning qoʻlida. Oʻzgarishlarni bugun oʻzimizdan boshlashimiz kerak. Aybdor izlashdan foyda yoʻq. Siz ertaga maktablarimizda mana shunday oʻqituvchi boʻlish bugundan harakat qilishingiz lozim. Maktablarimizga shijoatli, mahoratli va yuqori salohiyatli kadrlar kerak.”
Doʻstona ruhda oʻtgan uchrashuv qiziqarli bahs-munozaralarga boy boʻldi.
.