Bugun Xalq ta’limi vazirligida YUNЕSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda so‘z olgan Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2015-yilda qabul qilingan YUNЕSKOning ta’lim, tabiiy va ijtimoiy fanlar, madaniyat, kommunikatsiya va axborot sohalaridagi 2030-yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish dasturlari mazkur tashkilot bilan yangi strategik sheriklik imkoniyatlarini yaratayotganligini aytib o‘tdi.
Shuningdek, YUNЕSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ta’lim sektori tomonidan turli fanlar bo‘yicha qator manbalar, o‘quv qo‘llanmalari ishlab chiqilayotganligi qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, o‘tgan davr mobaynida tashkilot hamkorligida amalga oshirilgan “O‘zbekistonda o‘qituvchilarning kasbiy malakasini oshirish bo‘yicha yondashuvlarni moslashtirish va ommalashtirish" loyihasi katta qiziqish bilan qabul qilindi va muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Loyiha asosida mamlakatda axborot kommunikatsion texnologiya vositalari yordamida malaka oshirish jarayonlarini tashkil etish etish va takomillashtirish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish orqali malaka oshirish yo‘nalishida tenglik, sifat va samaradorlikni yuqori bosqichlarga olib chiqishga qaratilgan qator ishlar amalga oshirildi.
Ayni damda YUNЕSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasining bevosita yordamida Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi tomonidan olib borilayotgan “O‘zbekiston xalq ta’limi tizimida o‘qitish va ta’lim sifatini kuzatishning axborot boshqaruv tizimini ishlab chiqish” loyihasi O‘zbekistonda ta’lim sifatini oshirish jarayonida o‘z samarasini bermoqda.
Uchrashuv so‘nggida tomonlarning o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga doir zarur takliflari o‘rtaga tashlandi va qizg‘in muhokama etildi.
Vazir o‘z so‘zi yakunida Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi A. Avloniy nomidagi Pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti hamda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetiga xorijiy mutaxassislarini kengroq jalb etishda tashkilot bilan hamkorlik ishlarini yanada jadallashtirish taklifini bildirib o‘tdi.