“Ma’rifatli jamiyat – Uchinchi Renessans bunyodkori” esselar tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

19-oktabr 2022-yil
image

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida "21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni" munosabati bilan “Ma’rifatli jamiyat – Uchinchi Renessans bunyodkori” esselar tanlovining Respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti hamda qator davlat tashkilotlari hamkorligida o‘tkazilgan tanlovning viloyat bosqichlarida eng yuqori ball to‘plagan 27 nafar g‘olib tanlovning Respublika bosqichida ishtirok etishdi.

Ma’lumot uchun:

Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalarida tanlovning maktab bosqichida 68 649 nafar, tuman, (shahar) bosqichida jami 13408 nafar, shundan:

1-yo‘nalish bo‘yicha 7696 nafar ona tili va adabiyot, o‘zbek tili fani o‘qituvchilari;

2-yo‘nalish bo‘yicha 5712 nafar boshqa fan o‘qituvchilari ishtirok etishdi.

Respublika bosqichi noan’anaviy shaklda tashkil etilib, ishtirokchilar 2 guruhga bo‘linishdi. 1-guruh a’zolariga mashhur o‘zbek ma’rifatparvari, shoir va jamoat arbobi Abdulla Avloniy to‘g‘risidagi film namoyishi asosida esse yozish vazifasi berilgan bo‘lsa, 2-guruh a’zolari Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida Kamoliddin Behzod ijodi bo‘yicha esse yozishdi.

Taqdirlash marosimi yakunida 1-o‘rin sohibiga noutbuk, 2-o‘rin sohibiga planshet hamda 3-o‘rin sohibiga zamonaviy mobil apparati sovg‘a qilindi. Shuningdek, qolgan ishtirokchilarga ham turli esdalik sovg‘alari topshirildi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu