“20 YILLIK ISH TAJRIBAM DAVOMIDA TAʼLIM SOHASIGA BU QADAR JIDDIY EʼTIBOR QARATILISHIGA ILK BORA GUVOH BO‘LYAPMAN” — 500 MILLION SO‘M PUL MUKOFOTINI QO‘LGA KIRITGAN JAMOANI TAYYORLAGAN INGLIZ TILI FANI O‘QITUVCHISI

12-avgust 2022-yil
image

Nilufar Isakova Toshkent shahri, Yunusobod tumanidagi 97-maktabda o‘quvchilarga ingliz tili fanidan saboq beradi. Uning jamoasi joriy yilda Prezident sovrini uchun o‘tkazilgan “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining Respublika bosqichida 1-o‘rinni egallab, 500 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

20 yillik pedagogik stajga ega o‘qituvchi tajribasidan bugun respublikamizdagi barcha ustozlar o‘rnak olsa arziydi. Tanlovning final bosqichigacha yetib kelish oson emas, albatta. 97-maktab jamoasi esa buni uddaladi! Bunday yuqori natijani qanday qo‘lga kiritgani haqida savol berganimizda, mana shunday javob oldik:

“Bu muvaffaqiyat zamirida ahil jamoaning xizmati beqiyos! Ahillik, birdamlik, ilm va izlanish bor joyda, albatta, muvaffaqiyat g‘alaba qozonadi. Maktabimizda 20 nafar ingliz tili o‘qituvchisidan iborat inoq jamoamiz bor! “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanloviga start berilganida uslub birlashma rahbari sifatida juda katta masʼuliyatni his qildim. Jamoamiz bilan maktabimizda tahsil olayotgan yuzlab o‘quvchilar ichidan munosib besh nafarini tanlab olish jarayoniga ham masʼuliyat bilan yondoshdik. Eng iqtidorli, mustaqil fikrlay oluvchi, o‘z ustida ishlaydigan o‘quvchilardan iborat jamoa shakllantirdik.

So‘ngra bu o‘quvchilarni olimpiadaga tayyorlash dasturini ishlab chiqib, kerakli o‘qituvchilarni aniq yo‘nalish bo‘yicha o‘quvchilarimiz bilan shug‘ullanishi uchun qulay sharoit yaratdik. Test sinovlari orqali saralab olingan jamoa aʼzolari bilan muntazam ravishda shug‘ullana boshladik. Darslar jarayonida qiyinchiliklar yuzaga kelsa, muammoli savollarga birgalikda yechim topildi. Tun-u kun taʼlim berildi, taʼlim olindi. Hattoki taʼtil kunlarida ham o‘quvchilar xiyol charchab qolsa-da, bolalarning tanlovga qiziqishini yana-da kuchaytirish uchun ular bilan turli motivatsion suhbatlar olib borildi. G‘alaba faqat bizniki bo‘lishini, g‘olib sifatida barchaga namuna bo‘lish mumkinligini o‘quvchilarga doimiy ravishda tushuntirib bordik. Quvonarli jihati, bolalar tanlovga kundan-kun qiziqishlari ortib borayotganini namoyon qilishdi. Tanlovda g‘olib bo‘lishimizda, eng avvalo, pedagogik jamoamizning o‘z ishiga fidoyiligi, o‘quvchilarimizning qunt va sabr bilan qilgan mehnatlari sabab bo‘ldi. Va nihoyat final bosqichiga yetib kelib, 1-o‘ringa loyiq, deb topildik. Xursandchiligimizni so‘z bilan taʼriflab berolmayman. Buni faqat his qilish mumkin...

Shuni alohida taʼkidlab o‘tmokchimanki, 20 yillik ish tajribam davomida taʼlim sohasiga bu qadar jiddiy eʼtibor qaratilishiga ilk bora guvoh bo‘lyapman. Katta miqdordagi pul mukofotlari, Buyuk Britaniya mamlakatiga taʼlim sayohati kabi yutuqlar ilgari biz muallimlarga, hattoki o‘quvchilarimizga ham hech qachon taqdim etilmagan.

Biz pedagoglar, o‘quvchilar uchun bunday zo‘r imkoniyatlarni yaratib berayotgan Prezidentimizga chin qalbimizdan o‘quvchilarimiz, barcha ustozlar nomidan chuqur minnatdorchilik izhor etamiz. Va albatta, bildirilgan ishonchni oqlashga, maktabimizda berilayotgan taʼlim sifati va samaradorligini yana-da oshirishga vaʼda beramiz!” - deydi Nilufar Isakova.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu