Zamonaviy darsliklarni o'qitish metodikasi yuzasidan seminar O'TKAZILMOQDA2022 yilning 13-14 yanvar kunlari Toshkent viloyati, Bo'stonliq tumanidagi "yoshlar oromgohi"da o'qituvchilar uchun o'quv-seminari tashkil etildi.
Xalq ta'limi vaziri Baxtiyor Saidov Milliy o'quv dasturi asosida tayyorlangan darsliklarni tajriba sinovdan o'tkazish hamda o'tgan yili 1-2 - sinflar uchun yaratilgan yangi darsliklarni o'qitish metodikasi yuzasidan mahorat darslarida ishtirok etish uchun respublikamizning barcha hududlaridan poytaxtga kelgan o'qituvchilar bilan uchrashdi.
"Kelasi 30 yildan keyin O'zbekiston qanday bo'lishi bizni qo'limizda. Hozir 1-sinfga qadam qo'ygan o'quvchi 11-sinfni bitirganida bozor iqtisodiyoti uchun qanday kadr bo'lib etishishini belgilovchi poydevorni bugun biz va siz o'qituvchilar quramiz. Vatan kelajagini 11 yillik ta'lim belgilaydi",- deya ta'kidladi vazir.
Uchrashuvda ta'lim tizimi oldida turgan dolzarb vazifalar, rejalar haqida suhbatlashildi. Bir oy davomida 62 ta maktabga tashrif buyurib, jarayonlarni kuzatgan vazir o'z xulosalari haqida o'rtoqlashar ekan: "o'qituvchilar o'quvchilarga faqat til o'rgatishi kerak emas, ularni kasbga yo'naltirishi kerak",- deya ta'kidladi.
Milliy o'quv dasturi asosida joriy yil uchun 3-sinf darsliklari yaratildi. Endilikda Milliy o'quv dasturi hamda shu asosda tayyorlangan darsliklarni tajriba sinovdan o'tkazishga trenerlarni tayyorlash hamda 2021-2022 o'quv yilida 1-2-sinflar uchun yaratilgan yangi darsliklarni o'qitish metodikasi yuzasidan master-klasslar tashkil etish maqsadida Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi Respublika ta'lim markazi tomonidan 2022 yilning 13-14 yanvar kunlari Toshkent viloyatining Bo'stonliq tumani,"yoshlar Ittifoqi" dam olish maskanida o'qituvchilar uchun o'quv-seminar o'tkazilmoqda.
Joriy yil 14 ta tayanch maktabda Milliy o'quv dasturi asosida yaratilgan 3-sinf darsliklari 3-4-chorakdan boshlab aprobasiyadan o'tkaziladi. 3 kunlik o'quv seminari davomida Toshkent shahri va viloyatining o'qituvchilari mazkur yangi darslikni aprobasiyadan o'tkazish bo'yicha tayyorlanadi.
Shuningdek, Respublikamizning barcha hududlaridan kelgan 85 nafar o'qituvchi, 110 nafar metodist hamda 5 nafar ilmiy xodimlar o'tgan yilda milliy o'quv dasturi asosida yaratilgan 1-2-sinflarning zamonaviy darsliklari metodikasi bo'yicha mualliflar jamoasi hamda ilg'or amaliyotchi o'qituvchilar tomonidan mahorat darsini oladi.
Mazkur seminar darsliklarni yaratish jarayonida o'qituvchilarning bevosita ishtirokini ta'minlash hamda o'qituvchilarni darsliklardagi o'zgarishlar bilan tanishtirish va fikr-mulohazalarini to'plash uchun ham maydon yaratayotgani bilan ham ahamiyatlidir.
Ma'lumki, Xalq ta'limi vazirligi tomonidan mahalliy olimlar va UNICEF xalqaro ekspertlari bilan birgalikda Milliy o'quv dasturini yaratish ishlari yakuniga etkazildi. Milliy o'quv dasturi loyihasini tayyorlashda 246 nafar milliy ekspertlar, jumladan 119 nafar maktab o'qituvchilari, Oliy ta'limdan 105 nafar professor-o'qituvchilar, 22 nafar fan metodistlari, shuningdek UNICEF va USAID xalqaro tashkilotlari orqali jalb qilingan 16 nafar xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Milliy o'quv dasturida o'quvchilarning bilim va ko'nikmalarini baholashning xalqaro tadqiqotlari (PISA, PIRLS, TIMMS)ga mos mavzular hamda yangicha ta'lim yondashuvlari (STEM, hamkorlikda o'rganish, loyihalar asosida o'qitish) kabi zamonaviy mavzular va yondashuvlar o'rin olgan. Ilk bor 1-6-sinflarda o'qitiladigan 5 ta fanning integrasiyalashuvi natijasida "tabiiy fan" kiritildi. Aytish joiz, ushbu fan dasturi Xelsinki universiteti professori Yari Lavonen ishtirokida xalqaro talablarga moslashtirildi.
Milliy o'quv dasturini amaliyotga joriy etish maqsadida 2021-2022 o'quv yili uchun barcha fanlar bo'yicha o'tgan davr mobaynida tanlov asosida saralab olingan 154 nafar mualliflar ishtirokida 1-2-sinflar uchun jami 326 nomdagi darsliklar, ularga qo'shimcha ravishda o'qituvchilar uchun metodik qo'llanmalar, o'quv daftarlari va multimedia ilovalari yaratildi. Geymifikasiya metodi asosida o'quvchilarga o'yinlar orqali dars berishga mo'ljallangan multimedia ilovalari ishlab chiqilmoqda. Darsliklar uchun multimedia ilovasida ilk marotaba "augemented reality" — kengaytirilgan borliq texnologiyasidan foydalanilmoqda.
Bu jarayonlarga 46 nafar professor, 101 nafar amaliyotchi o'qituvchilar, 7 nafar fan metodistlari jalb qilindi. Ularning o'rtacha yoshi 40-45 yoshni tashkil qiladi. Ta'lim mazmunida olib borilayotgan oqilona islohotlar natijasida mamlakatimizda yosh olimlar, tajribali o'qituvchilardan iborat mualliflar maktabi shakllandi. Darsliklarni yaratishda olimlar bilan birgalikda amaliyotchi o'qituvchilarning teng ishtiroki Milliy o'quv dasturida belgilangan maqsadlarning darsliklarda aks etishiga xizmat qildi.
Ilk marotaba darsliklar har bir sinf bitiruvchisi ega bo'lishi kerak bo'lgan standart — malaka talablari hamda ularni shakllantirish uchun zarur o'quv dasturi asosida yozilmoqda. Darslik bilan birga o'qituvchi kitobi hamda boshlang'ich sinflarda mashq daftari hamda multimedia ilovasi tayyorlandi.
Tayyor darsliklar amaliyotga joriy etishdan avval ilk marotaba tajriba-sinov jarayonidan o'tkazildi.
.