Bugun, 25 may kuni yurtimizning barcha maktablarida 2021-2022 o‘quv yili yakunlanib, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” sadolari jarangladi.
Ushbu sana maktabni bitirayotgan har bir o‘quvchi uchun juda unutilmas va hayajonli lahzalarga boy bo‘ladi. Sababi aynan mana shu kuni barcha jonajon maktabi bilan xayrlashib, katta hayot sari qadam qo‘yadi. 11 yil davomida saboq olgan ustoz-murabbiylari, jonajon sinfdoshlari bilan xayrlashadi.
Joriy yilda ham “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari maktablarda o‘ziga xos tarzda, ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazildi. Joriy yilda yurtimizdagi 10 130 ta umumtaʼlim maktablarni 390 ming nafardan ortiq bitiruvchi tamomlamoqda.
Mamlakatimizning barcha taʼlim maskanlaridagi "So‘nggi qo‘ng‘iroq" tadbirlari Davlatimiz rahbari tomonidan bitiruvchi o‘g‘il-qizlarga yo‘llagan tabrikni o‘quvchilarga yetkazish bilan boshlandi.
Tadbir doirasida yil davomida namunali xulq va aʼlo baholarga o‘qib, eng yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan iqtidorli bitiruvchilar rag‘batlantirildi. 2021-2022 o‘quv yilida fan olimpiadalari, ko‘rik tanlov va sport musobaqalarida ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallagan hamda ijodkor o‘qituvchilar faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.
Tadbir so‘ngida bitiruvchi sinf o‘quvchilari taʼlim bergan ustozlari, sevimli taʼlim maskanlari, o‘zlari uchun yaratilgan barcha sharoitlar uchun minnatdorchilik bildirdi. Qalblarni hayajonga soluvchi “So‘nggi qo‘ng‘iroq” sadolari yangradi.