Umumiy oʻrta taʼlim tizimida faoliyat olib borayotgan oʻqituvchi va muallimlarning nufuzi, mavqei, obroʻ-eʼtiborini oshirish hamda ragʻbatlantirish yuzasidan ilgʻor, ijodkor, mahoratli, fidoyi, yoshlarni barkamol shaxs etib tarbiyalashga munosib hissa qoʻshayotgan, oʻquv-tarbiya jarayonida innovatsion texnologiyalardan unumli foydalanib, samarali natijalarga erishayotgan oʻqituvchilarni aniqlash va ish tajribalarini ommalashtirish maqsadida Oʻqituvchilar assotsiatsiyasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorligida “Ustoz-2021 milliy mukofoti” tanlovi ikkinchi marotaba tashkil etildi.
“Ustoz-2021” milliy mukofoti tanlovi joriy yilning 15-sentyabr kuni boshlanib, 4-dekabr kuni Toshkent shahridagi “Interkontinental” mehmonxonasida gʻoliblarni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov, oʻqituvchilar hamda sohaning qator vakillari ishtirok etdi.
“Ustoz-2021” milliy mukofoti tanlovi uchun tizimdan roʻyxatdan oʻtganlar soni bu yil 29 850 nafarga yetdi. Tanlovning ilk bosqichida 4301 nafar nomzod ishtirok etdi. Ulardan 40 nafari finalga yetib keldi.
Tadbir davomida 40 nafar finalistdan 8 nafari quyidagi nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritdi:
“Tashabbuskor ustoz” - Zakir Rozimov
“Taʼlim sohasida koʻrsatgan xizmatlari uchun” - Rayxan Tulyakova
“Umid timsoli” - Mehriniso Norova
“Boshlangʻich taʼlim fidokor ustozi” - Dildoraxon Umurzakova
“Matonatli ustoz” - Nilufarxon Olimova
“Fidoyi ustoz” - Ulugʻbek Mamajonov
“Mehridaryo ustoz” - Xilola Norova
“Plyus 1” - Iqboljon Kamolov