XALQ TAʼLIMI VAZIRLIGIDA ANTIKORRUPSION HAFTALIK DOIRASIDA “OCHIQ ESHIKLAR KUNI” TASHKIL ETILDI

1-dekabr 2021-yil
image

Joriy yilning 1-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligida Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni”ga bagʻishlangan Antikorrupsion haftalik doirasida “Ochiq eshiklar kuni”da vazirlik rahbariyati, masʼul mutaxassislar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir Xalq taʼlimi vazirligi faoliyatining jamoatchilik va fuqarolar oldida ochiqligini taʼminlash hamda jurnalist, blogerlar shuningdek fuqarolarni korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga oid savollariga javob berish maqsadida tashkil etildi.

Taʼkidlab oʻtish joizki, xalq taʼlimi tizimida korrupsiyaga oid qonunbuzarlik holatlarini oldini olish va bartaraf etish yoʻnalishida vazirlik tomonidan bir qator tashkiliy va amaliy ishlar amalga oshirilmoqda.

2k2a7129.jpg

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qator Farmon va Qarorlariga muvofiq Vazirlikning Nazorat-huquqiy Xizmati negizida Korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazoratini amalga oshirish boʻlimi tashkil qilinib uning asosiy vazifalari sifatida vazirlikda korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha «komplayens-nazorat» (compliance control) tizimini joriy etish va uni takomillashtirish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsion xavf-xatarlarini oʻz vaqtida aniqlash, ularning kelib chiqish sabablarini oʻrganish va bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish belgilangan.

Oʻtkazilayotgan oʻrganishlar tahlika-tahlillarga (risk-analiz) asoslanib, yaʼni masofadan monitoring qilish mobaynida shubhali holatlar avval tahlil qilinib, aniqlangan holatlar natijalaridan kelib chiqqan holda mutaxassislarni obyektlarga yoʻnaltirish yoʻlga qoʻyilgan.

Vazirlik faoliyatida asosiy eʼtibor moliyaviy xato va kamchiliklarni oldini olish boʻyicha profilaktika chora-tadbirlariga qaratilayotganligi taʼkidlab oʻtildi.

Joriy yildagi 11 oy davomida jami 368,6 mlrd. soʻmlik moliyaviy xato va kamchiliklarning oldi olinishiga va bartaraf etilishiga erishilgan.

Shunga qaramasdan, yil boshidan hozirgi kunga qadar vazirlik tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlari natijasida jami 88,0 mlrd. soʻmlik moliyaviy xato-kamchiliklar, shundan 27,5 mlrd. soʻmlik oʻgʻirlik va kamomad aniqlangan.

Misol uchun, joriy yilning noyabr oyida Hisob palatasi birgalikda oʻtkazilgan Andijon viloyatining Andijon shahrida 11,5 mlrd. soʻm, Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida 11,0 mlrd. soʻm hamda ushbu viloyatning Guliston shahrida 4,0 mlrd. soʻm miqdorda byudjet mablagʻlari oʻzlashtirib yuborilgan.

Tarkibida jinoyat alomatlari boʻlgan 159 ta 72,9 mlrd. soʻmlik oʻrganish materiallari huquqiy baho berish va qonuniy choralar koʻrish maqsadida huquq-tartibot organlariga taqdim etildi.

Tadbirda vazirlikning Nazorat-huquqiy xizmati tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha ham batafsil maʼlumot berildi.

Xususan, hozirga qadar sohada aniqlangan yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklari yuzasidan 243 nafar rahbar xodimlar egallab turgan lavozimlaridan ozod etilgan, 3 ming 415 nafariga nisbatan intizomiy jazo choralari koʻrilgan, 151 ta holat boʻyicha toʻplangan materiallar huquq-tartibot idoralariga yuborilgan.

Oʻtgan davr davomida vazirlik tomonidan 264 ming 41 nafar xodim huquqlari himoya qilinib, 963 nafarining huquqi tiklangan boʻlsa, 188 ta holatda boshqa davlat organlari tomonidan faoliyatga noqonuniy aralashuv va tekshiruvlarning oldi olingan.

Shuningdek, vazirlik tomonidan amalga oshirilgan tahlillar natijasida Xalq taʼlimi tizimidagi faoliyat jarayonlarini ochiqligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirildi.

“Ochiq eshiklar kuni” doirasida ommaviy axborot vositalari xodimlari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga soha vakillari tomonidan batafsil javob oldi.

Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan Davlat byudjetidan ajratilayotgan mablagʻlarni samarali ishlatilishini taʼminlash, tizimdagi koorupsion xavf-xatarlar, moliyaviy xato va kamchiliklarni aniqlash, bartaraf etish va ularni oldini olish yuzasidan ishlar davom ettiriladi.

.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu