Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov Moʻynoq tumanidagi informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan 8-umumtaʼlim maktabida boʻldi.
Maktab holatini koʻzdan kechirar ekan Baxtiyor Saidov taʼlim muassasa oʻquvchilari uchun barpo etilgan yotoqxonani tez fursatlarda jihozlar bilan taʼminlash va keyinchalik iqtidorli bolalarni tanlab olish orqali uni maktab-internatiga aylantirishni taklif etdi.
Oʻquvchilarning zamonaviy taʼlim olishlari uchun maktabga kompyuter sinf jamlanmasi hamda elektron doska sovgʻa qilindi.
Shundan soʻng vazir Qonlikoʻlda joylashgan 24-umumtaʼlim maktabiga yoʻl oldi. Vazir maktab oʻquvchilari uchun homiylik mablagʻlari asosida qurilayotgan 180 oʻrinli yangi maktab binosini koʻzdan kechirdi. Mazkur maktab binosining qurilishi ayni damda maktabning eski binosida tahsil olayotgan 101 nafar bolaning zamonaviy sharoitlarda taʼlim olish imkoniyatini yaratadi.
Qurilish ishlari yakuniga yetgach maktabga yuqori malakali oʻqituvchilarni jalb qilish hamda iqtidorli bolalar uchun ixtisoslashgan sinf ochish takliflari ilgari surildi.
.